Kitobxonlar avlodi shakllanmoqda

16:34 24 Avgust 2019 Madaniyat
236 0

Mamlakatning maʼnaviy darajasini koʻrsatadigan muhim koʻrsatkichlardan biri oʻsha xalqning kitobxonligi, bugun qanday kitoblarni mutolaa qilayotganligi bilan belgilanadi. Shuning uchun hozirgi kunda xalqimiz orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish,yoshlarni ommaviy kitobxonlikka jalb etish borasida davlat siyosati darajasida bir qator amaliy ishlar bajarilmoqda. Chunki Prezidentimiz ham oʻz nutqida taʼkidlaganidek,bugun kitob oʻqiyotgan bola ertaga oʻnta televizor koʻrayotgan bolalarni boshqarishi aniq. Buni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan uch yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon“ tanlovi orqali sezish qiyin emas. Bu tanlov yangi davrning “kitobxonlar avlodi“ni shakllantira oldi.

2017-2018-yillar davomida mazkur tanlov doirasida jami 970 ming nafar yoshlar qamrab olingan boʻlsa, joriy yilda tanlovga boʻlgan qiziqish yanada ortib, saralash bosqichida ishtirok etgan yoshlar soni 1 million 200 nafardan oshib ketdi. Bu degani yoshlar kitobga, maʼrifatga qaytdi, kadrlar masalasi boʻyicha yuzaga keladigan muammolar asta-sekin bartaraf etiladi, degani. Hozirda “Yosh kitobxon“ning hududiy bosqichlari oʻtkazilmoqda. Tafakkur jangida eng koʻp kitob oʻqigan kuchlilargina gʻoliblikka munosib koʻrilyapti. Albatta, gap sovgʻaning darajasida emas, kitobning oʻqilayotganligida...

Kitobxonlik tanlovlari yosh oilalar oʻrtasida ham oʻtkazilayotgani esa quvonarli hol. “Eng yaxshi kitobxon oila“ tanlovi ilk marotaba Sirdaryoda boʻlib oʻtdi. Unda yosh oila vakillari Prezident sovgʻasi - “Spark” avtomashinasi sovrindori boʻlishdi. Albatta, insonning eng sof va eng pokiza tuygʻulari oila bagʻrida shakllanadi. Axir oʻsayotgan farzand tarbiyani qoʻlida kitob koʻtargan ota-onasidan oʻrganadi. U ham ertaga televizor qarshisida emas,kitoblar qarshisida ilm olishga chogʻlanadi. Kitob oʻqigan oilaning maʼnaviy havosi toza boʻladi. Buyuklar, daholar ulgʻayadi bu xonadonlarda.

Bugun kitobxonlik boʻyicha bellashuvlar harbiylar oʻrtasida ham davom etyapti. “Temur tuzuklari bilimdoni“ tanlovi Kuch tuzilmalaridagi yosh harbiy xizmatchilarning maʼnaviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy merosimizning tarixiy ildizlarini oʻrganish hamda tahlil etish, buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini keng targʻib etishda muhim vazifani bajarmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bugungi kunda harbiylarimizning faqatgina jismoniy baquvvat boʻlishi kamlik qiladi. Intellektual jihatdan ham yuqori darajada turish mukammallikning belgisi boʻladi. Albatta, Amir Temurning “Temur tuzuklari“ni oʻqimay turib, harbiy sanʼat sirlarini anglash mumkin emas. Sohibqironning harbiy strategiyasini oʻzlashtirish uchun mazkur kitobni varaqlash kerak.Avgust oyi davomida barcha hududlarda ushbu tanlovning hududiy bosqichi yakunlanib, sentyabrda respublika bosqichi boʻlib oʻtadi.

Shu oʻrinda yana bir muhim masala borki, u ham boʻlsa, yoshlarga qanday kitoblarni oʻqitish masalasi. Chunki hozir nima koʻp? Maʼlumot koʻp. Bozor iqtisodiyotini bahona qilgan holda kitob doʻkonlarimizga turli xil kitoblar kirib kelayotgani bor gap. Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Chanqagan odam sahroda suv topganda unga singan sopol yoki oltin idish farqsizdir“. Yaʼni u qanday qilib boʻlmasin, chanqogʻini qondirishga intiladi. Butun vujudi bilan ilmga intilayotgan yoshlar ham shunday. Oʻzining tafakkurini toʻldirish uchun yaxshimi yomonmi turli kitoblarni oʻqiydi. Yoshlar ittifoqining yirik loyihalaridan biri boʻlgan

“Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida chop etilayotgan kitoblar esa oʻqilishi shart boʻlgan eng muhim bilim manbalari boʻla oladi. Oʻtgan yili ushbu rukn ostida 47 nomdagi 470 ming dona badiiy adabiyotlar chop etilib, respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalarining kutubxonalariga yetkazib berilgan edi.

Shuningdek, joriy oʻquv yili arafasida ham anʼana davom ettirilib, yana 12 nomdagi 120 ming dona oʻzbek va jahon adabiyotining eng sara asarlari chop etildi.

Hozirda ular mustaqillik sovgʻasi sifatida respublikamiz boʻylab barcha taʼlim muassasalariga yetkazib berilmoqda.

Bundan tashqari, “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida Namangan viloyatiga 25 ming dona, Toshkent viloyati Boʻka tumaniga 13 ming dona, Quyi Chirchiq tumaniga 1,5 ming dona Toshkent shahridagi Uchtepa tumaniga 10 ming dona badiiyadabiyotlar yetkazib berildi.

Bir soʻz bilan aytganda, bugungi kunda toʻrtinchi tashabbus yoshlarni kitoblar atrofida birlashtira oldi. Kitoblar bilan birlashgan xalqning maqsadi aniq,borar manzili oydin boʻladi.

Kutubxonaga boraylik, bizni ham buyuklar kutmoqda!!!

Goʻzal OXUNOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?