“Kitobxon oʻqituvchi” tanlovi bugungi davr uchun qanchalik muhim?!

09:09 02 Avgust 2019 Jamiyat
182 0

Yil boshida Xalq taʼlimi vazirligi koʻpchilik kutgan tashabbus bilan chiqqan edi. Unga koʻra, maktablarda faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilar oʻrtasida “Kitobxon oʻqituvchi” tanlovini oʻtkazish bugungi davr uchun muhim va toʻgʻri qaror boʻldi. Hozirda tanlovning mahalliy bosqichlari yakunlanib, hududiy bosqichlar boshlanish arafasida turibdi.

Tanlov haqida Xalq taʼlimi vazirligi Maktabdan tashqari taʼlim, sport va turizmni tashkil etish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Bahrom Aminov shunday deydi:

– Nizomga koʻra, “Kitobxon oʻqituvchi” tanlovi 3 ta shart asosida oʻtkazilmoqda. 1-shart tanishtiruv shaklida boʻlib, oʻqituvchi faoliyat yuritayotgan maktabida kitobxonlik madaniyati qay darajada yoʻlga qoʻyilgani va kitobxonlar uchun qanday sharoitlar yaratilgani haqida maʼlumot beradi. 2-shart esa “Eng koʻp kitob oʻqigan oʻqituvchi viktorinasi” deb nomlanib, Nizomda belgilangan 90 ta oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalaridan tuzilgan savollarga ishtirokchilar tomonidan javob beriladi. 3-shart “Kitobxonlikni targʻib qilishda oʻqituvchining roli” deb nomlanib, oʻqituvchi taʼlim muassasasida kitobxonlikni shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqqan holda loyihasini prezentatsiya koʻrinishida taqdim qiladi.

Afsuski, nizom bilan tanishish jarayonida “Kitobxon oʻqituvchi” tanlovi hududiy bosqichgacha davom etishi haqida oʻqidik. Bizning nazarimizda, mazkur tanlovni Respublika bosqichigacha olib chiqib, maktab oʻqituvchilari oʻrtasida ommalashtirish zarur edi. Nega deganda, bu tanlov oʻqituvchi uchun ham, oʻquvchi uchun ham juda kerak.

“Yosh kitobxon”larni “Kitobxon oʻqituvchi”lar tarbiyalaydi!

Tan olish kerakki, bugun “Yosh kitobxon” tanlovi koʻplab oʻquvchilarning dunyoqarashiga taʼsir qilgani aniq. Kitobxon ishtirokchilar asardan olgan xulosalarini ustozlari bilan boʻlishgisi, munozara qilgisi keladi. Agar oʻqituvchi u kitobni oʻqimagan boʻlsa-chi?.. Mana muammo qayerda? “Kitobxon oʻqituvchi” tanlovi nafaqat oʻqituvchini bilim darajasini oshirish, balki kitobxon oʻquvchilarni tarbiyalash, ularga badiiy asarni tahlil qilish yoʻllarini oʻrgatish uchun kerak boʻladigan jarayon.

Nizomga koʻra, “Kitobxon oʻqituvchi” tanlovi uchun oʻqilishi kerak boʻlgan badiiy asarlarning aksariyati “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchilariga belgilangan kitoblar roʻyxati bilan bir xilligining guvohi boʻldik. Bu ayni muddao, albatta. Chunki mazkur tanlovlar “ustoz-shogird” anʼanasi davom etishiga sabab boʻladi. Oʻqituvchi va oʻquvchi birgalikda kitob oʻqiydi. Ustoz asarni tahlil qilishda qaysi jihatlarga eʼtibor berish kerakligi, uning syujeti, gʻoyasi, kulminatsiyasi, bugungi kundagi ahamiyati haqida bemalol tushuntirish bera oladi. Bu holat oʻquvchiga qanday motivatsiya berishini bir tasavvur qiling!

“Yosh kitobxon” tanlovining Respublika bosqichi ishtirokchisi nima deydi?

- Oʻtgan yili tanlovning Respublika bosqichida menga Janni Rodarining “Rim ertaklari” asari tushib qoldi. Men esa javob berolmadim. Chunki bu kitobni hech qayerdan topolmagan edim. Oʻshanda ustozlarimdan juda-juda xafa boʻlgandim. Hech boʻlmasa, mazmunini soʻzlab beringlar deb yalinib borganimda, ular “Rim ertaklari”ni oʻqish tugul bunday kitob borligi haqida xabari yoʻqligini aytishgandi. Respublikada gʻolib boʻlolmaganim bu mening aybim, bilimsizligimni oʻqituvchilarimdan koʻrganim yoʻq. Aslo. Shunchaki tanlovning viloyat bosqichida 1-oʻrinni olib, Respublikaga chiqqan oʻquvchisiga koʻmak beradigan, badiiy asarlar yuzasidan fikrlar almashadigan, asarning magʻzini chaqishni oʻrgatadigan juda koʻoʻoʻp kitoblar oʻqigan ustozim boʻlishini xohlaganman, oʻshanda, - deydi Ruxshona Abdurazzoqova.

Albatta, kitobxon oʻqituvchi va kitobxon oʻquvchilar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusni amalga oshirish, taʼlimda sifat oʻzgarishiga erishishda asosiy kuch hisoblanadi.

Shuning uchun Xalq taʼlimi vazirligidan “Kitobxon oʻqituvchi” tanlovining qamrovini kengaytirgan holda Respublika miqyosida oʻtkazishni taklif sifatida qabul qilishini xohlagan boʻlardik.

Chunki “Yosh kitobxon”larni “Kitobxon oʻqituvchi”largina tarbiyalay oladi.

Goʻzal Oxunova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?