Kitobda Prezident topshirigʻidan soʻng salkam 7 mlrd soʻmlik yangi sport obyektlari foydalanishga topshirildi

17:11 01 Aprel 2019 Jamiyat
416 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 28 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida Kitob tumanida yangi usti yopiq suv inshooti, basketbol maydonchasi, sunʼiy qoplamali futbol maydoni qurish hamda tennis kortini kapital taʼmirlash taklifi bildirilgan edi.

Kecha, 31 mart kuni Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Guliston mahallasida qurilgan ushbu sport inshootlari foydalanishga topshirildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan barpo etilgan obyektning ochilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Roʻziyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etishdi.

Mazkur sport inshootlarini qurish uchun jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 6,8 milliard soʻm ajratildi. Usti yopiq suv inshooti tarkibida 11x25 metr oʻlchamdagi basseyn, murabbiylar, shugʻullanuvchilar uchun yuvinish, kiyinish, dam olish, tibbiyot xonalari, suvning tarkibi, sifati nazorat qilinadigan laboratoriya hamda tomoshabinlar uchun oʻrindiqlar mavjud.

Bundan tashqari, mavjud tennis korti kapital rekonstruksiya qilinib, 22x42 hajmli mini-futbol maydoni va basketbol maydonchasi yangidan qurib foydalanishga topshirildi. Bu yerda ham yuvinish, kiyinish, dam olish, tibbiyot xonalari mavjud.

Sport majmuasi atrofi obodonlashtirilib, musiqali favvora ham bunyod etildi.

Kitob tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabi ixtiyoriga berilgan mazkur inshootda bir kunda 500 nafardan ortiq oʻgʻil-qiz suzish, futbol va basketbol sirlarini oʻrganishi uchun sharoitlar yaratilgan. Eʼtiborlisi, bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga jamgʻarma tomonidan 45 nomdagi 400 million soʻmlik jihozlar ham topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?