Kitobda koʻchki xavfi bartaraf etildi

20:13 02 Iyun 2019 Jamiyat
377 0

Joriy yil aprel-may oylaridagi yogʻingarchiliklarning koʻp boʻlishi va tuproqdagi namlik miqdorining yillik meʼyordan oshishi togʻli hududlardagi ayrim yoʻl yoqalarida koʻchki xavfini keltirib chiqardi. Jumladan, Kitob tumani “Kuxsor” MFYgadagi Denovbola qishlogʻining shahar markazi bilan bogʻlovchi avtomobil yoʻlida ikkilamchi oquvchi koʻchki hosil boʻlib, ushbu yoʻldagi harakatini cheklab qoʻygan.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan xabar qilishlaricha “Palandara–Javuz–Denovbola” ichki avtomobil yoʻlining 39 kilometridagi Jinnidaryo oʻzanining chap qirgʻogʻi, “Otboqar” soyining boshlanish qismidan uzunligi 300 metr, eni 60 metr, uzilish chuqurligi 14 metr boʻlgan, taxminiy 252 ming kubometr hajmga teng ikkilamchi oquvchi koʻchki massasi avtomobil yoʻlining 50 metr qismini qoplab qolgan.

Ushbu yoʻlda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda maxsus texnikalar jalb etilib, 80 metr qoʻshimcha aylanma yoʻl qurish ishlari amalga oshirilgan.Hozirgi kunda yoʻlni ochish uchun jami 3 kilometr masofada 300 kubometr tuproq ishlari toʻliq bajarilib, xavf bartaraf etildi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Aholi va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazi boshligʻi, kichik serjant Bobur Hamidovning aytishicha aylanma yoʻl qurish tadbirlarini amalga oshirishga 9 nafar qutqaruvchi, FVB YOXB, Shahrisabz koʻchkini kuzatish stansiyasi, Avtomobil yoʻllardan muntazam foydalanish boshqarmasi, “Oqsuv” irrigatsiya tizimlari boʻlimi, “Xisor geologiya” UK, Oʻrmon xoʻjaligi hamda Jovuz, Motmon, Denovbola, Aspiduxtar va Shut qishloqlaridan 200 ga yaqin mahalliy aholi va 8 ta texnika jalb etilgan.

A. Muhammadiyev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?