Kitob yaqinlashmoqda, qachon qoʻlga olamiz...

11:40 14 Mart 2020 Madaniyat
166 0

Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida 2017-yil 19-sentyabrda Respublika Prezidentining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusda toʻrtinchisi yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilishdan iboratligi koʻrsatilgan edi. Bu tadbirlarni amalga oshira borib, har bir hududga bir million donadan ilmiy, badiiy, tarixiy, ommabop mavzulardagi kitoblar yetkazib berildi.

Kitob va kitobxonlikka eng yuqori darajadagi bu eʼtibor bejiz emas, balki mamlakat ertangi kuni, uning egasi boʻlmish yosh avlod maʼnaviy olami, rostgoʻylik, mulohazakorlik, adolatpeshalik, illatlarga murosasizlik, mantiqiy fikrlay olish fazilatlaridan xavotir taqozosidir. Zero, mutolaaga bogʻlangan koʻngil kitobdan behad ulugʻ maʼnaviy ozuqa oladi. Unda yaratilgan obrazlar baxtidan quvonadi, tashvishi, xato va kamchiliklaridan iztirob chekadi, odob-axloq va tarbiyasidan namuna, sabr va matonatidan ruhiy quvvat oladi.

Afsuski, soʻnggi yillarda kitobxon avlodning kitoblarda qolganligi mamlakat rahbarini tashvishga solganida ham ayni haqiqat oʻz ifodasini topgan. Shu bois kitobxonlik va mutolaa madaniyatini nazariyadan amaliyotga olib chiqish, jamiyat milliy yuksalishining asosiy omillaridan biri etib belgilangan.

Navoiy viloyat hokimligi tashabbusi bilan Respublika Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Navoiy davlat Pedagogika instituti, Navoiy viloyat “Alisher Navoiy nodir merosini Targʻibot markazi” jamoat birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan “Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish: muammo va vazifalar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida mazkur masalalar mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim muassasalari, jamoat birlashmalari olimlari, ishtirokida muhokama qilindi. Konferensiyaning ochilish marosimidagi yalpi yigʻilishida unda muhokama etilayotgan mavzu nihoyatda dolzarbligi taʼkidlanib, jamiyatda kitobxonlikni yuksaltirishning aniq choralarini muhokama etish, mexanizmlari, ragʻbat va daʼvat tamoyillarini ishlab chiqish lozimligi uqtirildi.

Konferensiya toʻrt shoʻbaga boʻlingan holda oʻz ishini davom ettirdi.

Temur ESHBOYEV,

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?