Kitob sehri: “Polianna” — voqeliklardan yaxshilik qidirishga oʻrgatuvchi asar

17:31 02 Avgust 2019 Jamiyat
220 0

Odam yaxshi asar oʻqiganida goʻyo anchadan beri koʻrmagan doʻstini koʻrgandek xursand boʻlib ketadi, dunyoning bor tashvishini unutib kitob ichiga goʻyo kirib ketadi.

Elinor Porterning “Polianna” kitobini oʻqish jarayonida men ham ana shunday holatga tushdim. Atrof bir zumda jimjit boʻlib qoldi-yu, Polianna ismli qiz bilan birga sayr qildim.

Oʻsmir qizchaning har bir gapi menga goʻyo koʻzgu tutgandek boʻldi. U toʻshakka mixlangan bemor oldiga borarkan, “Siz oyoq qoʻlingiz qimirlayotganiga xursand boʻlishingiz kerak” dedi. Yoʻlida uchragan odamdan kamchilik emas fazilat axtarayotgan qizchadek bir kun yashab koʻrsam, xuddi bir sandiq boylik topgandek xursand boʻlib ketdim.

Rosti, Poliannaning har bir voqelikdan yaxshilik topish oʻyini hayotimizni yengillashtiribgina qolmay, undan zavqlanishni ham oʻrgatadi. Taqdir taqozosi bilan yetimlik zahrini tortayotgan qizcha bagʻritosh xolasi qalbini yumshatishga ham erishdi, unga insondek yashash ilmini oʻrgatdi.

Asar butunlay boshqa yurtda yozilgan, voqealar bizdan olisda boʻlgani bilan muammolar bizga yaqin. Juda-juda yaqin. Masalan, asar qahramoni Poliannaga xolasi darslardan iborat kun tartibi belgilarkan, u “Xolajon, buncha dars qilsam qachon yashayman, axir?” deb soʻraydi. Darhaqiqat, nafaqat oʻzimiz, balki goho farzandlarimizga ham shunaqangi koʻp yuklama yuklaymizki, u zavqlanish, toʻyib shoʻxlik qilishni ham unutib qoʻyayotgandek.

Poliannaning shahdi, shijoati va gaplari bizni oʻzi yosh-u, taqdir zarbasi ulgʻaytirgan qizning dardlariga sherik qiladi. Hamma narsadan yaxshilik qidiraversangiz, koʻngilsizliklar oʻz oʻzidan esdan chiqadi. Qahramonning ushbu gapi, koʻngillarga malham beribgina qolmay, goʻyo dimiqqan xonaga kirgan togʻ havosidek odamni xursand qiladi. Afsuski, ulgʻayganimiz sari boladek quvonishni unutib qoʻyamiz. “Polianna” esa oʻquvchiga har bir soniyadan zavqlanishni oʻrgatadi, unutilgan quvonchni.

Kitob ilk bor 1912-yilda chop etiladi va qariyb bir asrdan oshdiki, hamon oʻquvchilar tomonidan iliq qarshi olinmoqda. Ilk chop etilganidan beri oʻtgan vaqt bu asarning asrlar silsilasiga bardoshli va hamma davrda ham oʻz oʻquvchisini topishini koʻrsatdi.

Eʼtiborli tomoni Elinor Porter ushbu kitobini uyining tomida bunyod etilgan togʻda yozadi. Muallifning aytishicha, u bundan yaxshiroq sharoitni orzu ham qilolmasdi. Ehtimol, shuning uchun ham kitob bir oʻqishda oʻquvchini oʻziga bogʻlab qoʻyadigan darajada samimiy chiqqandir. Ushbu kitob mutolaasi oʻquvchini dunyoga odatdagidan koʻra yangicha nigoh bilan qarashga undaydi, hayotimizda shukr qilishga arzirli sabablarni topib beradi. Bir kun, bir kungina boladek begʻubor boʻlishga chaqiradi va nazarimda uning aynan bizga yaqin jihati ham ana shunda.

Amerika bolalar adabiyotining mumtoz namunasiga aylangan “Polianna” asari nafaqat farzandingiz, balki oʻzingiz oʻqishingiz uchun ham ajoyib tanlov boʻla oladi.

“Polianna” dan iqtiboslar:

Hamma narsadan yaxshilik qidiring, koʻngilsizliklar oʻz-oʻzidan esdan chiqadi.

***

Insonga faqat yaxshi tomonlarini koʻrsating, uning ahmoqona odatlarini gapirmang. Undagi menni topib bersangiz, u oʻzidagi ilgari ochilmagan qirralarni kashf etadi va albatta gʻolib boʻladi.

***

Ayol mehrisiz va bolasiz uy faqat boshpana, faqat ayol mehri bilangina uy haqiqiy uy boʻladi.

***

Sen koʻpincha avval gapirib, keyin oʻylaysan. Ammo muhimi, sen hammasini toʻgʻri qilyapsan.

Zuhra Roʻziyeva, kitobxon.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?