“Kitob bayrami” tadbirlari boshlandi

12:21 24 May 2018 Madaniyat
699 0
Foto: Hakim Yo‘ldoshev /"Xalq so‘zi".

Bugun poytaxtimizning Sayilgoh ko‘chasi har qachongidan-da gavjum. Bu yerda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan qator vazirlik hamda idoralar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish — buyuk maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir” shiori ostidagi an’anaviy respublika kitob bayramiga mamlakatimizning turli hududlaridan, hatto xorijdan kitobxonlar, adabiyot muxlislari, ijodkor-ziyolilar, yoshlar jam bo‘lgan. 

Foto: Hakim Yo‘ldoshev /"Xalq so‘zi".

Mazkur tadbir Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev /"Xalq so‘zi".

Davlatimiz rahbarining kitob ishlab chiqarish va kitobxonlik madaniyatini yanada yaxshilash masalasiga kuyunchaklik bilan yondashayotganida teran ma’no, ezgu maqsad mujassam. Chunki kitob nafaqat bilim manbai, balki tafakkur qayrog‘i, aql chirog‘i, ko‘ngil tabibi, ruhiyat ozig‘idir.

Foto: Hasan Paydoyev/"Xalq so‘zi".

Kitob bayramining ochilish marosimida bu yilgi tadbir ham shaklan, ham mazmunan o‘ziga xoslik kasb etayotgani ta’kidlandi. Avvalo, uzoq yillar yozuvchiyu shoirlar, ziyolilar bilan uchrashuvlar, she’rxonliklar, suhbatlar va boshqa turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelingan “Saylgoh” ko‘chasiga yana ma’naviyat, ma’rifat qaytdi. Xalqimiz bundan behad mamnun. Yozuvchi va shoirlar bilan suhbat qurayotgan yoshlar, turfa kitoblar to‘la rastalarni birma-bir ko‘zdan kechirayotgan kitobxonlar, maqol va shiorlar, turli ertak qahramonlari rasmlari tushirilgan bannerlarga o‘ziga xos ishtiyoq va qiziqish bilan boqib turgan jajji bolakaylar — barchaning yuz-ko‘zida xurramlikdan, kayfiyatida ko‘tarinkilikdan bu yaqqol sezilib turibdi.

Foto: Hasan Paydoyev/"Xalq so‘zi".

Tadbirda “Namunali kitob do‘koni” tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari tantanali taqdirlandi.

Ikki kun davom etadigan bayramda mehmonlar uchun ko‘rgazmalarda bevosita ishtirok etish, kitob mahsulotlarini xarid qilish imkoniyati yaratiladi. Taniqli shoir va yozuvchilar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari ishtirokida mushoiralar, adabiy uchrashuvlar uyushtiriladi. Taniqli san’atkorlar va yosh iste’dod sohiblari, shuningdek, Respublika yosh tomoshabinlar teatri va Respublika qo‘g‘irchoq teatrining hamda turli bolalar san’at guruhlarining “Kitobsevarlarni qutlaymiz!” nomli chiqishlari tashkil qilinadi. 

Foto: Hasan Paydoyev/"Xalq so‘zi".

Shuningdek, “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Eng yaxshi kitobxon” kabi sovrinli viktorinalar, “Kitob o‘qishni yoqtirasizmi?” mavzuida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish rejalashtirilgan.  “Mashhurlar kitob o‘qiydi” shiori ostida o‘zbek estrada namoyandalari, teatr va kino aktyorlari, sport ustalarining ishtirokchilar bilan muloqotlari tadbirning yana bir o‘ziga xos qismidir. Nashriyotlar, ijodiy uylar va matbaa korxonalari “Eng faol ishtirokchi”, “Eng yaxshi stend” nominatsiyalarida taqdirlanishi bayramga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi.

Foto: Hasan Paydoyev/"Xalq so‘zi".

“Kitob bayrami” tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat markazlarida ham o‘tkazilmoqda.

Dilshod KARIMOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?