Tasvirsiz kino sanʼatini tasavvur etib boʻlmaydi!

17:37 13 May 2020 Madaniyat
462 0

`LO

“Agar biz ajdodlarimiz xotirasini ulugʻlamoqchi, shu asosda oʻzbek nomini, Oʻzbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino sanʼati orqali amalga oshirishimiz kerak” 

Sh.M.Mirziyoyev

Kinooperator mahoratida tasviriy yechimning ahamiyati va bugungi oʻrni

Kino sanʼati inson ongi va qalbiga kuchli taʼsir koʻrsata oluvchi beqiyos qudrat va imkoniyatlarga ega. Uning oʻziga xosligi shundaki, kino qahramonlarning ichki dunyosi soʻz bilan, oʻy-hayollari kinooperator orqali yirik, oʻrta va umumiy planlarda rejissyorning topilmasida, kompozitorning qahramon tabiatiga monand kuy-qoʻshiq yarata bilishida oʻz aksini topadi. Toʻgʻri tanlangan mavzu, gʻoya, muhimi, rejissyorlik yechimi kabi umumlashmalar tomoshabinni film davomida roʻy berayotgan voqea joyiga pinhona yetaklaydi. Kino sanʼatining oʻziga xos qonun-qoidalari asosida yaratilgan ekran asari namoyishi davomida tomoshabin kino qahramon yashab turgan makonda u bilan birga nafas oladi, dardlari va shodliklariga sherik boʻladi.

Ekran sanʼati teatr, tasviriy sanʼat, musiqa, adabiyot unsurlarini oʻzida mujassam etgan sanʼat sifatida bir tomondan jamiyatda kechayotgan jarayonlarga badiiy, falsafiy, estetik umumlashmalar nuqtayi nazaridan yondashsa, ikkinchi tomondan unga xos boʻlgan ommaviylik bu umumlashmalarni katta-katta auditoriyalarga maroqli va taʼsirchan shakl-shamoyilda yetkazib berish imkonini yaratadi.

Bugun kino sohasiga har qachongidan ham katta eʼtibor berilmoqda. Boshqa sohalarda boʻlgani kabi oʻzbek milliy kinosi rivoji uchun keng yoʻl ochib berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-avgustdagi “Milliy kinematografiyani yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2017-yil 9-avgustdagi “Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Qarorlari ana shu gʻamxoʻrlikning amaliy isbotidir.

Ushbu tarixiy hujjatlarni joriy etishdan maqsad – milliy kinematografiyani yana-da rivojlantirish, mamlakatda amalga oshirilayotgan ulugʻvor oʻzgarish hamda yutuqlarni milliy istiqlol gʻoyasining mazmun-mohiyatini kino sanʼati vositasida toʻlaqonli badiiy aks ettirish, badiiy, hujjatli, ilmiy-ommabop va multiplikatsion filmlarning xalqimiz hayotidagi, ayniqsa, yoshlar tarbiyasidagi ahamiyatini oshirishdan iborat.

Bugungi kunda Vatanimizda suratga olinayotgan filmlarning tasviriy va gʻoyaviy sifati haqida matbuotda, ilmiy anjumanlarda turli fikrlar bildirilib, kezi kelganda qattiq tanqid ham qilinmoqda. Albatta, kino sanʼati tomoshabin bilan tasviriy til orqali muloqot qiluvchi sanʼat ekan, uning tasviriy yechimi juda ahamiyatli.

Oʻzbek kino sanʼatida davr taqozosi bilan ayrim muammolar yuzaga keldi. Bularning ayrimlari iqtisodiy muammolar bilan bogʻliq boʻlsa, boshqalari filmlarning texnik va texnologik jarayonlari, yana boshqalari esa mutaxassis kadrlar bilan bogʻliq holda yuzaga keldi.

Soʻnggi 20 yil ichida milliy kino sanʼatimizda suratga olingan badiiy filmlarga baho berilsa, ularning orasida jahon andozalari darajasida yaratilgan, texnik jihatdan zamonaviy standartlarga javob beradigan, gʻoyaviy jihatdan esa umuminsoniylik kasb etuvchi filmlarning kamligini kuzatish mumkin. Ayniqsa, texnik va texnologik jihatdan milliy kino sanʼatimiz aytish mumkinki, ancha qoloq darajaga tushib ketdi. Jahon kino sanʼatiga eʼtibor berib qaralsa, qariyb barcha kino maktablari, yoʻnalishlari, muayyan davlatlarning kino sanʼati oʻzining ilk rivojlanish bosqichlarida turli muammolarni, evrilishlarni boshidan kechirganini koʻrish mumkin. Biroq, shuni unutmaslik kerakki, oʻzbek kino sanʼati uzoq tarix va shonli oʻtmishga ega. U kecha yoki bugun paydo boʻlib qolmadi, aksincha kino hali sanʼat sifatida shakllanib ulgurmagan, endigina kashf etilgan paytlardan buyon mavjud va rivojlanib kelgan. Aynan shu sababli ham bugun oʻzbek kino sanʼatida mavjud boʻlgan muammolar juda dolzarb va achinarli.

Filmlarning sifati, ularning tasviriy yechimi bugun har doimgidan ham dolzarbroq masalaga aylandi. Ushbu masalani har tomonlama tadqiq etish, milliy kino sanʼatimizdagi filmlarning tasviriy va gʻoyaviy jihatlarini chuqur tahliliy oʻrganish, zamonaviy kino sanʼatida yuzaga kelgan yangi tendensiyalarni tadqiq etish ham bugungi kundagi dolzarb ilmiy vazifalardan biri boʻlib ulgurdi.

“Sanʼatning boshqa turlarini kamsitmagan holda, bugungi kunda televideniye va kino sanʼatining taʼsir kuchi benihoya yuksalib borayotganini qayd etish lozim”. Albatta, yosh avlod tarbiyasida kino sanʼatining oʻrni nihoyatda beqiyos. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017-yil 3-avgust kuni mamlakatimizning sanʼat va madaniyat xodimlari, yozuvchi va shoirlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda sanʼat sohasini, xususan, kino sohasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, uning moddiy texnik-bazasini rivojlantirish va kerak boʻlsa, qayta toʻliq shakllantirish, yoshlar tarbiyasida kino sanʼatining tutgan oʻrnini chuqur anglagan holda dolzarb, zamonaviy mavzularda filmlar yaratish, jahon andozalari va standartlari darajasida, jahon sanʼatida har tomonlama tan olinadigan filmlar yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratdilar.

Tasvirsiz kino sanʼatini tasavvur etib boʻlmaydi! Tasvir bu tomoshabinga film mohiyatini yetkazish, unga aqliy va hissiy taʼsir koʻrsatishda eng asosiy unsurdir. Sifatsiz tasvirlar, palapartish olingan nomukammal kadrlar tomoshabinda kerakli ruhiy kechinmalarni uygʻotmaydi. Bas, shunday ekan, demak bunday film, uning ijodkorlari oʻz vazifasini bajarmayapti, tomoshabinning film uchun sarflagan vaqti va mablagʻiga xiyonat qilibdi, sarflangan vaqt va mablagʻ uvol ketibdi.

Albatta, yoshlarni milliy istiqlol ruhida komil inson qilib tarbiyalashda kino sanʼatining tutgan oʻrni beqiyos. Oʻzbek kinosiga ijodiy qobiliyatli insonlar kerak. Bu faqat yaxshi istaklar bilan amalga oshmaydi. Bu borada Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida tajribali oʻqituvchilarni jalb qilgan holda yosh mutaxassislarni tayyorlash uchun kuchli ijodiy va texnik baza yaratish zarur. Shuningdek, institutda kinochilarni tayyorlash boʻyicha maxsus kurslarni ochish vaqti keldi. Modomiki kino sanʼatini rivojlantirish haqida gap ketar ekan, kerak boʻlsa, bir-biriga mantiqiy jihatdan yaqin va oʻzaro bogʻliq boʻlgan Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasini yagona katta sanʼat akademiyasi sifatida qayta tashkil etish lozim. Ana shundagina ijodiy jarayon tubdan oʻzgarib, har tomonlama professional mutaxassislar tayyorlashga zamin yaratiladi.

Oqil Gʻulomov

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?