Kinobozor, dunyo kino ekranlari sari yoʻl..mi?

03:34 19 May 2019 Madaniyat
386 0

Maqolamizga shunday sarlavha-savol qoʻydigu, keling javobini ham oʻzimiz berib qoʻya qolaylik. Ha! Oʻzbek kinosi aynan mana shu yoʻlni bosib oʻtibgina (koʻrib, oʻrganib, solishtirib, qiyoslab) jahonga chiqa oladi. Lekin ochigʻi bu haqiqatni anglab yetganimizga uncha koʻp boʻlgani yoʻq.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017 yil 8 avgustdagi PQ-3176-son qarori hamda “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018 yil 24 iyuldagi PQ-3880-son qarori mamlakat kino sanʼati rivojlanishini yangi bosqichini boshlab berdi. Jumladan, 2018 yilning oʻzidayoq “Oʻzbekkino” Milliy agentligining “Respublika kinoprokat markazi” tashkil etildi.

Bugunga kelib bu markaz nafaqat mamlakat ichkarisida yagona prokat tizimini tashkil etish, balki oʻzbek kinolarini dunyoga olib chiqish yoʻlida ham izchil harakatlarni boshlab yubordi. Chunki kinobozor kino sanʼatini va sanoati uchun qaysidir bir maʼnoda barometr hamdir. Oʻz mahsulotini bozorga olib chiqqan kino tadbirkor avvalambor bozorni oʻrganadi, solishtiradi, qiyoslaydi. Har qanday mahsulotning asl qiymatini, mavzu, janr va darajasini albatta bozor belgilaydi. Uning talablari qattiq, hukmi esa qatʼiydir! Ana shu talab va ehtiyojlarni oʻrganish, dunyo bilan hamqadam boʻlishda kinobozorning ahamiyatini yaxshi anglab yetgan “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bu yoʻldagi amaliy qadamlar tashlandi.

Shu yilning fevral oyida Gonkongda boʻlib oʻtgan “Filmart” kinobozorida muvaffaqiyatli ishtirok etgan “Respublika kinoprokat markazi” bir qator manfaatli shartnomalar tuzgani haqida OAVlar orqali xabar berilgan edi. Oʻshanda 15 ta filmni kinobozorga taqdim etgan markaz, 14 maydan 25 maygacha boʻlib oʻtadigan 72-Xalqaro Kann kinofestivali doirasida ochilgan “ Marche du Film” kinobozoriga 50 ta turli janr va yoʻnalishlardagi badiiy, hujjatli va animatsion filmlarni olib kelgan. Bular ichida “Imom Abu Iso Muhammad Termiziy”, “Islomxoʻja”, “Berlin-Oqqoʻrgʻon”, “Issiq non”, “Elparvar”, “Tinchlik ortida”, “Sarvqomat dilbarim” , “Hayot”, “Baron” va h.k. filmlar bor. 17 may kuni “Marche du Film” kino bozorida kinorejissyoyor Abduvohid Gʻaniyev suratga olgan “Elparvar” filmining namoyishi boʻlib oʻtadi. Bugun kinofestivalning uchinchi kuni. “Respublika kino prokat markazi” stendi yer yuzining turli burchaklaridan kelgan kino distribyuter hamda prodyusserlar, kino tadbirkorlar bilan gavjum. Yurtimiz kinosining istiqboli uchun manfaatli boʻlgan muzokaralar olib borilayapti ,qator hamkorlik shartnomalari imzolanmoqda,Amerika, Hindiston, Germaniya, Koreya kabi davlat kinotadbirkorlari bilan tuzilgan shartnomalar ana shular jumlasidan.

Bu kabi muloqotlarning samarali natijalari haqida gap ketganda, albatta Gonkongda boʻlib oʻtgan “Filmart” kinobozorida tuzilgan bir oʻzaro hamkorlik shartnomasi haqida alohida gapirib oʻtirishni lozim deb topdik. Markaziy Osiyo boʻylab oʻzbek filmlarining distribyutsiyasini oʻz zimmasiga olgan Mongoliyaning “Dijitel Kontent” firmasi, oʻzining Kann kinobozorida tashkil qilgan stendini oʻzbek filmlarining posterlari bilan bezagani hamda kinobozoriga taqdim etayotgan filmlar katalogida oʻzbek kinosi mahsulotlari uchun alohida sahifalar ajratgani, dunyo kino bozoriga chiqish yoʻlidagi harakatlarimizda yolgʻiz emasligimizni, oʻzimizning yaqin hamkorimizga ham ega boʻlib borayotganimizni bildiradi.

Soʻzimiz soʻnggida Oʻzbekiston stenddagi yana bir jihatga eʼtiboringizni qaratmoqchi edik. Kinobozor uchun filmlar saralanayotganda hamda ularni dunyo kino bozoriga taqdim etishda “Respublika kino prokat markazi” kartinalarni Davlat mablagʻiga olingan yoki xususiy studiya mahsuloti” deb emas, jahonga olib chiqishga munosib oʻzbek milliy kinolari degan nuqtai –nazar bilan yondashishgan.

Festival, uning doirasida esa “ Marche du Film” kinobozori davom etmoqda. Biz esa jahon kino ekranlari sari bir qadam tashladik.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?