Kimyo va biologiya boʻyicha milliy sertifikatga ega oʻquvchilar OTMga kirishda testdan ozod boʻladi

11:46 13 Avgust 2020 Hujjatlar
519 0

“Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi.

Shuningdek, respublika tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 150 ta maktab tashkil etiladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarda kimyo va biologiya fanlarini samarali oʻqitishni muvofiqlashtirish uchun ularga OTMlarning 55 ta kafedrasi biriktiriladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilingan kimyo va biologiya fanlari oʻqituvchilari hamda rahbar kadrlarining bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdori 2021-yil 1-yanvardan boshlab 50 foizgacha oshiriladi.

Davlat test markazi 2021-yil 1-fevralga qadar Kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash boʻyicha milliy sertifikatlash tizimini joriy qiladi.

Imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega maktab, litsey va kasb-hunar maktabi oʻquvchilari davlat OTMga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda unga maksimal ball beriladi.

Qarorga koʻra, 2021-yildan har 2 yilda bir marotaba OTMlar talabalari orasida kimyo va biologiya fanlari boʻyicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadalari oʻtkaziladi.

Olimpiada gʻoliblariga bir martalik mukofot beriladi va ular tegishli mutaxassisliklar boʻyicha OTMlar magistraturasiga davlat granti asosida imtihonsiz oʻqishga qabul qilinadi.

OTMlarning kimyo va biologiya taʼlim yoʻnalishlari talabalari oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadasi gʻoliblari hamda kimyo va biologiya fanlari boʻyicha nufuzli xalqaro olimpiadalar sovrindorlari magistraturaga tegishli mutaxassisliklar boʻyicha oʻqishga ajratilgan kvota doirasida davlat grantlari asosida imtihonsiz qabul qilinadi.

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab kimyo va biologiya yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha OTMlar maktab bitiruvchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida koʻp bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – OTM) kimyo va biologiya fani boʻyicha oʻzining olimpiadasini oʻtkazadi va 1-3 oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarni OTMning mablagʻlari hisobidan imtihonsiz oʻqishga qabul qiladi.

OTMlarning kimyo va biologiya taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha imtiyozli diplomga ega boʻlgan bitiruvchilari mazkur OTMning magistraturasiga qoʻshimcha imtihonlarsiz toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

OTMlarning kimyo va biologiya mutaxassisligini aʼlo baholar bilan tamomlagan magistrlarni tayanch doktoranturaga OTMning kengashi qarori asosida imtihonlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri kvota doirasida qabul qilish tartibi joriy qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?