Kimyo boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori Toshkentga keldi

09:07 08 Noyabr 2019 Welcome to uzbekistan
240 0

Dunyoga mashxur “Texnion” Isroil texnologiya instituti professori, kimyo boʻyicha Nobel mukofoti laureati Dan Shextman yurtimizga tashrif buyurdi. Olim “kvazikristal”larni kashf etib, 2011-yilda kimyo boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan. Isroil Fanlar akademiyasi, AQSH milliy texnik akademiyasi hamda Yevropa fanlar akademiyasi aʼzosi, professor D.Shextman bilan bugun poytaxtimizdagi oliy oʻquv yurtida talabalar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oʻtkazilgan davra suhbatida Isroilning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Eddi Shapiro, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Azimjon Nazarov, Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari U. Begimqulov, professor oʻqituvchilar, talabalar va OAV xodimlari ishtirok etdi hamda yurtimizdagi ilm-fanga boʻlgan eʼtibor xususida soʻz yuritdi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, bugungi kunda institutda 464 nafar professor-oʻqituvchilar faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, institutda Shvetsiya Qirollik universiteti bilan hamkorlikda “Geoinformatika” markazi, AQSHning John Deer va Rossiyaning Rosselmash kompaniyalarining maxsus markaz va sinflari tashkil etilgani xalqaro hamkorlik koʻlami kengligidan dalolat beradi. Bir soʻz bilan aytganda, institutning ilmiy salohiyati 52 % ni tashkil etadi. Tadbir mobaynida olimga shu kabi muvaffaqiyatlar yaqindan tanishtirildi, talabalar qizgʻin davra suhbati oʻtkazildi.

Ayni damda olim Buxoro ziyoratida.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?