Kimlar volontyorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin?

14:22 04 Dekabr 2019 Jamiyat
475 0

Oliy Majlis Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisida “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan maʼqullangan edi. Davlatimiz rahbari mazkur Qonunni imzoladi.

Volontyorlik faoliyati quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:

* kam taʼminlanganlar, ishsizlar, koʻp bolalilar, boshpanasizlar, qarovsiz qolganlar, shuningdek ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj shaxslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida volontyorlik yordami koʻrsatish;

* bemorlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, yolgʻizlar, qariyalar hamda oʻzining jismoniy, moddiy yoki boshqa oʻziga xos xususiyatlari sababli qoʻllab-quvvatlashga va yordamga muhtoj boʻlgan shaxslarni parvarishlashni amalga oshirish;

* tabiiy yoki texnogen tusdagi favqulodda vaziyat oqibatida, alohida rejim, favqulodda holat joriy etilganda, ijtimoiy mojarolar, baxtsiz hodisalar natijasida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek jinoyatlardan jabrlanganlarga, qochqinlarga, mamlakat ichkarisida koʻchib yurganlarga yordam koʻrsatish;

* oʻzining jismoniy yoki boshqa oʻziga xos xususiyatlari sababli oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishi cheklangan shaxslarga yordam koʻrsatish;

* atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy meros, tarixiy-madaniy muhit, tarixiy va madaniy yodgorliklar, dafn etish joylarini saqlab qolish bilan bogʻliq tadbirlar oʻtkazish;

* ommaviy sport, madaniy tadbirlarni va boshqa jamoat tadbirlarini tashkil etish bilan bogʻliq milliy hamda xalqaro ahamiyatga molik tadbirlarni oʻtkazishga koʻmaklashish;

* alohida davr va favqulodda holat huquqiy rejimlarining amal qilishi vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga, boshqa harbiy idoralarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik yordami koʻrsatish.

Oʻn sakkiz yoshga toʻlgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyati subyektlari hisoblanadi.

Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini, basharti bu faoliyat ularning sogʻligʻiga hamda axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazmasa va oʻquv jarayonini buzmasa, amalga oshirishi mumkin.

Volontyor qanday huquqlarga ega?

Volontyor quyidagi huquqlarga ega:

* oʻzining volontyorlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etishini ushbu Qonunda belgilangan talablarni hisobga olgan holda erkin tanlash;

* agar volontyor hamda volontyorlik tashkiloti oʻrtasida tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, har qanday vaqtda volontyorlik faoliyatini erkin ravishda tugatish;

* volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi toʻgʻrisida va volontyorlik tashkiloti haqida ishonchli axborot olish;

* volontyorlik dasturlarini bajarish, volontyorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan yoki tavsiya qilinadigan volontyorlik aksiyalarini va boshqa tadbirlarni oʻtkazish;

* volontyorlik faoliyati tashkilotchisidan va volontyorlik tashkilotidan maxsus kiyim-bosh olish hamda yoʻl haqiga, yashashga, ovqatlanishga, zarur yakka tartibda himoyalanish vositalarini, asbob-uskunalarni olishga sarflangan xarajatlarning va boshqa xarajatlarning oʻrni qoplanishi;

* volontyorlik faoliyati tashkilotchisi va volontyorlik tashkilotidan tavsiyanoma tusidagi xatlarni olish;

* taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport tashkilotlariga va tabiatni muhofaza qiluvchi hamda oʻrmon muassasalarining hududiga mazkur tashkilotlar va muassasalar rahbariyati bilan kelishuvga koʻra volontyorlik faoliyatini amalga oshirish uchun kirish;

* volontyorlik tashkilotining, volontyorlik faoliyati tashkilotchisining mablagʻlari hisobidan hayoti va sogʻligʻini sugʻurta qildirish.

Volontyorlik qonun hujjatlari qoidalariga rioya etgan holda volontyor va volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi oʻrtasida yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.

Shuningdek, volontyorlik faoliyatini ilgari surish hamda amalga oshirish borasidagi xizmatlarini eʼtirof etish va baholash belgisi sifatida jismoniy va yuridik shaxslar mukofotlanishi mumkin.

Jamshid XODJAYEV,

Oliy Majlis Senati aʼzosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?