"Koʻrinmas dushman bilan kurash vaqtida birovni ayblash uchun ketayotgan vaqtimiz va energiyamizni farzandlarimiz kelajagiga yordam berishga ishlataylik"

11:39 14 Sentyabr 2020 Jamiyat
281 0

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov navbatdagi murojaatini e'lon qildi.

"Hurmatli maktab bitiruvchilari, koʻrinmas dushman bilan kurash vaqtida birovni ayblash uchun ketayotgan vaqtimiz va energiyamizni farzandlarimiz kelajagiga yordam berishga ishlataylik!

Oxirgi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda birovni aybdor qilishga harakatlar koʻp kuzatilmoqda. Afsuski, bu bilan koronavirus pandemiyasi paytida ahvol yaxshilanib qolmaydi yoki u bilan bogʻliq iqtisodiy qiyinchilik vaqtida maktablarga birdan juda katta qoʻshimcha mablagʻlar ajratilib qolmaydi.

Oʻtgan ikki yilda davlat dasturlari boʻyicha maktablarni taʼmirlash va jihozlashga ajratilayotgan mablagʻlar salmoqli ravishda oshdi. Mana oʻtgan haftada davlat dasturi asosida mukammal taʼmirdan chiqqan maktablardan baʼzi lavhalarni ham quyidagi havola orqali koʻrsa boʻladi. Lekin 10 mingga yaqin maktablarimizda va ularning uzoq hududlardagi filiallarida yigʻilib qolgan muammolar juda koʻp, shunga maktablarga qancha yordam boʻlsa shuncha yaxshi.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan barcha bitiruvchilar oʻz maktabiga yordam berishi oʻziga xos umummilliy harakatga aylanyapti. Masalan, Alisher Burxanovich Toshkent shahridagi 110-maktabni juda chiroyli qilib taʼmirlab berganlarini koʻpchilik koʻrdi. Boshqa bir qancha tadbirkorlar maktablarni toʻliq rekonstruksiya qilib yoki yangi qoʻshimcha binolar qurib berishdi. Toʻgʻri, hamma ham tadbirkor emas. Lekin shunda ham kimdir kompyuter bilan yordam berdi, kimdir qoʻshimcha kitoblar bilan. Bular hammasi 6,2 mln. oʻquvchilarimiz kelajagi uchun qoʻshimcha investitsiyadir.

Yangi oʻquv yili boshlanishi bilan ushbu xayrli ishlar yana davom etsa juda yaxshi ish boʻlar edi. Maktablarning anʼanaviy koʻrinishda ochilishi oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayramigacha boradigan boʻlsa, bitiruvchilarimiz maktablariga borib, yordam berishlari bilan birga oʻzlarining ustozlarini eslab, ham ulardan xabar olishsa, ustozlarning ham qalblari nurga toʻladi.

Baʼzi muhokamalarda maktab tayyor boʻlmagani uchun ochilmadi degan gaplarni aytishayotganiga guvoh boʻlib, yana bir bor eslatib oʻtmoqchiman. Maktab ochilishiga ruxsatni Mahalliy Kengash maktab tayyorligidan tashqari ushbu maktabdagi oʻqituvchilarning koronavirusga testlari natijalari va ushbu hududdagi epidemiologik holat hamda sogʻliqni saqlash tizimi qoʻshimcha kasal koʻpayishiga bardosh bera olishidan kelib chiqib beradi.

Yaʼni Toshkent shahridagi yoki viloyat markazidagi hamma imkoniyatlarga ega (jumladan, koʻpchilik iltimos qilib joylashga harakat qiladigan) maktabga ruxsat berilmay, uzoq hududdagi ahvoli nisbatan ogʻir maktabga ruxsat berilishi mumkin.

Ruxsat berilmagan maktablarga ruxsat berish uchun joylarda mahalliy hokimliklar, xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash boʻlinmalari mutasaddilari tomonidan hamkorlikda ishlab vaziyat yaxshilanishiga harakat qilinadi" deyiladi ushbu murojaatda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?