Kim oladi-yo, “Spark” mashinasini?

17:14 19 Iyul 2018 Jamiyat
895 0
Foto: MotorPage

Samarqand viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi “Temir yo‘l atrofini obod qilaylik!” va “Samarqandni go‘zal maskanga aylantiraylik!” shiori ostida Samarqand shahriga tashrif buyurayotgan sayyohlarga qulayliklar yaratish, ularda qadimiy Samarqandning milliy urf-odatlari va madaniyati haqida unutilmas taassurot qoldirish, shuningdek, temir yo‘l atrofini obod qilish maqsadida tanlov o‘tkazadi.

Bunda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan zamonaviy “Afrosiyob” tezyurar poyezdining Bulung‘ur, Jomboy tumanlari va Samarqand shahri hududidan kesib o‘tuvchi temir yo‘l atrofidagi ochiq maydonlar, aholi punktlaridagi mavjud uy-joylar, yordamchi xo‘jalik binolari va boshqa obyektlarni, shuningdek, Samarqand shahridagi bino va inshootlar, bo‘sh turgan maydonlar, ko‘chalar, istirohat bog‘larini yanada ko‘rkamlashtirib, badiiy-estetik me’moriy majmualar yaratish bosh maqsad qilingan.

Shunga ko‘ra, “Landshaft arxitekturasi va dizayni”, “Kichik me’moriy shakllar”, “Badiiy monumental san’at” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi.

Ko‘rik-tanlovda bitta birinchi o‘rin uchun 1 ta “Spark“ avtomashinasi, ikkita ikkinchi o‘rinlar uchun 2 ta “Skuter”, uchta uchinchi o‘rinlar uchun 3 ta televizor taqdim etiladi.

Tanlovda qatnashishga jismoniy va yuridik shaxslardan ariza va loyiha-takliflar 2018 yil 20 avgustga qadar qabul qilinadi. Loyiha-takliflar taqdimoti 2018 yil 23-25 avgust kunlari o‘tkaziladi.

Ko‘rik-tanlovning g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi shu yil mustaqillik bayrami arafasida bo‘lib o‘tadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?