“Kim dedingiz? Ar-xi-tek-tor…”

19:12 25 Yanvar 2019 Jamiyat
2227 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi 1-stipendiya tanlovining 2-bosqichiga tavsiya etilgan nomzodlar roʻyxatini eʼlon qilibdi.

Roʻyxatni koʻrib chiqib, xursand boʻldik. Yaxshi-da… Ham yurtimizni yanada rivojlantirishning tayanchi boʻlgan malakali kadrlar uchun katta imkoniyat, ham yoshlarga davlatimizning yana bir eʼtibori… Ajab emaski, bu kadrlar kelgusida mamlakatimiz taraqqiyotiga alohida hissalarini qoʻshishsa…

Ammo roʻyxatni koʻzdan kechirib chiqar ekanmiz, bir joyda bizni mubham savollar qamrab oldi. Gap shundaki, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etishni rivojlantirish maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyalari uchun oʻtkazilayotgan mazkur tanlovning “Iqtisodiyot va xizmat koʻrsatish” sohasiga tegishli boʻlgan “Jurnalistika” yoʻnalishida… Toshkent arxitektura-qurilish instituti vakili keyingi bosqichga tavsiya etilibdi.

Ro‘yxatdan lavha.

Tushunarli. Demak, bu institutda ham yoshlarga jurnalistikadan saboqlar oʻtilar ekan, “Ularga malakali jurnalist dars bersin”, degan umidda shu ishga qoʻl urilibdi, degan fikrga bordik. Biroq yana bir karra aniqlashtirib olish maqsadida institutga qoʻngʻiroq qildik.

Aytishlaricha, bu institutda bunday yoʻnalish boʻlmagan, hozir ham yoʻq va kelgusida yoʻlga qoʻyilishi koʻrib chiqilayotgani ham yoʻq ekan… “Jurnalistika” yoʻnalishida nomzod sifatida kiritilgan ayol esa institutning “Xorijiy tillar” kafedrasi mudiri boʻlib, mutaxassisligi ingliz tili filologiyasi ekan.

Maʼqul. Demak, adashilgan. Lekin chindan ham shundaymikin?

Buni ham aniqlashtirib olmoq umidida bu gal “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga sim qoqdik. Oʻzimizni tanishtirib, maqsadimizni tushuntirdik. “Xato ketmaganmikin deb oʻylayapmiz…” dedik suhbatdoshimizga.

— Boʻlishi mumkin, — dedi oʻzini jamgʻarmada magistratura va doktorantura yoʻnalishida ishlovchi xodim Iskandar Xodjayev deb tanishtirgan suhbatdoshimiz. — Ammo toʻgʻri boʻlishi ham mumkin. Bilasizmi, joriy yil 7 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Vasiylik kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtgan, uning 3-son bayonnomasiga koʻra maxsus ilova qabul qilingan. Ana oʻsha ilovada sohalar hamda yoʻnalishlar ajratib koʻrsatilgan. “Jurnalistika” yoʻnalishi “Iqtisodiyot va xizmat koʻrsatish” sohasiga kiradi. Bu soha boʻyicha oʻz hujjatini topshirishi mumkin boʻlgan universitet hamda institutlar roʻyxati ham aniq belgilangan. Mabodo oʻsha sohaga kiritilgan oliy oʻquv yurti boʻlsa, bu yoʻnalishda bemalol ishtirok etishi mumkin.

Iskandar Xodjayevdan iltimos qilib, oʻsha ilovani oldik. Qizigʻi, bu ilovada “Iqtisodiyot va xizmat koʻrsatish” sohasi boʻyicha nomzodlar hujjatini yuborishi mumkin boʻlgan oliy taʼlim dargohlari roʻyxatida baribir oʻsha Toshkent arxitektura-qurilish institutining nomi yoʻq.

Ilovadan lavha.

Gapimiz isboti uchun yuqorida nomi keltirilgan yigʻilish bayonnomasining yuqorida nomi keltirilgan ilovasida aynan bu yoʻnalishda belgilangan oliy oʻquv yurtlari nomini keltirib oʻtsak: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro davlat universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti. Termiz davlat universiteti, Fargʻona davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti, Toshkent moliya instituti. Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti. Bori shu!

Xullas, bu texnik xatolik ekani koʻproq ayon boʻlib turibdi. Nima ham derdik. Ish bor joyda xato boʻladi. Ammo uni tuzatish mumkin.

Ishonamizki, jamgʻarma mutasaddilari maqolamizga beeʼtibor boʻlmaydilar va mazkur xatoni tez orada tuzatadilar... Roʻyxatda koʻrsatib oʻtilgan 729-raqamda jurnalistika yoʻnalishining chinakam vakili nomi yoziladi. Va yana ishonamizki, boshqa sohalar boʻyicha ham bunday chalkashliklar yoʻq.

Hasan Toshxoʻjayev.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?