Kichkina yoxud ahamiyatsiz, degan narsaning o‘zi yo‘q

17:02 20 Iyun 2018 Jamiyat
216 0
Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida seminar tashkil etildi.

Oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish mavzusiga bag‘ishlangan ushbu tadbirda soha mutaxassislari, tibbiyot birlashmalari rahbarlari, hamshiralar, xotin-qizlar qo‘mitalari mas’ullari, mahalla faollari qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda O‘zbekistonda 10 milliondan ortiq oila mavjud bo‘lib, ularning kichkinasi, kattasi yoki ahamiyatsizi bo‘lmaydi. Oila — muqaddas qo‘rg‘on, mushtarak maqsadlar manzili. Shu bois oilalar tinchligi, barqarorligi, farovonligini ta’minlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratiladi.

Ochig‘ini aytish kerak, avvallari homiladorlar, go‘daklar, keksalar, parvarishga muhtoj yolg‘iz qariya va nogironlarga uy sharoitida sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish talab darajasida emasdi. Bugun esa vaziyat yaxshi tomonga o‘zgardi. Xo‘sh, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulayliklarga javoban, patronaj hamshiralar, mahalla va tegishli tashkilotlar aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kasalliklarning oldini olish borasidagi ishlarni uddalay olyaptimi? Natijalar nimalarda aks etmoqda?

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhammedovaning aytishicha, oila sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, bu borada davlat va nodavlat sektor hamkorligini ta’minlash bo‘yicha ish olib borilyapti. Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda hududlarda ilk marotaba konsultativ markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu markazlarda faqat tibbiy emas, oilada uchraydigan turli ijtimoiy, psixologik muammolar yuzasidan ham maslahatlar ham tashkil etilyapti.

Anjumanda, shuningdek, oilalarga kirib borish mexanizmini tizimli yo‘lga qo‘yilmagani, vazifalar taqsimotidagi mavhumliklar, hudud aholisi haqida to‘liq ma’lumotlarning mavjud emasligi, qolaversa, aholi tibbiy patronajning mazmun-mohiyatini to‘la-to‘kis anglab yetmagani kabi omillar patronaj xizmati vazifasini ko‘ngildagidek ado etishga g‘ov bo‘layotgani aytib o‘tildi.

Seminarda patronaj xizmatini tubdan modernizatsiya qilish yuzasidan hamkorlikdagi zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Munisxon KARIMOVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?