Kichik sanoat zonasida 1100 nafardan ziyod yosh ish bilan taʼminlandi

17:51 11 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
192 0

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Qudratilla Najmiddinov/Namangan. Prezidentimiz joriy yil may oyida Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida viloyat markazidagi “Orzu” kichik sanoat zonasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, bu yerda joylashtirilayotgan loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatma va tavsiyalar bergan edi.

Oʻtgan vaqt mobaynida bu yerda tadbirkorlik subyektlari tomonidan umumiy qiymati 74 milliard soʻmga teng 10 ta biznes loyiha roʻyobga chiqarildi. Natijada yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan oʻnta korxona faoliyat koʻrsata boshladi. Ularda 1100nafar ziyod yoshlar ish bilan taʼminlandi.

“Orzu” kichik sanoat zonasida 142,3 milliard soʻm qiymatdagi 22 ta loyihani roʻyobga chiqarish rejalashtirilgan. Yil oxiriga qadar ularning barchasi ishga tushiriladi. Bu bilan kichik sanoat shaharchasiga aylanadigan mazkur hududda yiliga 82,2 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlash imkoniyati yuzaga keladi. Shundan 6,2 million AQSH dollariga teng mahsulotni tashqi bozorga chiqarish koʻzda tutilgan”, - deydi Namangan shahar hokimligi kotibiyat mudiri Mubosher Adhamov.

Viloyatda yaqin vaqt ichida shu kabi yana toʻrtta kichik sanoat zonasini yaratish harakati boshlangan. Ular ish boshlagach yana 12 ming nafar fuqaroning bandligi taʼminlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?