Xususiy notarius 25 yoshdan kichik boʻlmasligi kerak

22:47 16 Mart 2020 Jamiyat
382 0

Foto: www.google.com

Qaror bilan Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga koʻra, litsenziya olish uchun talabgor:

25 yoshdan kichik va 65 yoshdan katta boʻlmasligi;

oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlishi;

yuridik mutaxassislik boʻyicha 3 yillik stajga ega boʻlishi (shu jumladan notarial idorada kamida 1 yil stajirovka oʻtagan boʻlishi);

malaka imtihonini topshirishi shart.

Sudyalik lavozimida kamida 5 yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatiga rahbarlik qilish, ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bogʻliq lavozimlarda kamida 3 yil ishlagan shaxslar stajirovkadan oʻtmasdan imtihonda ishtirok etishga haqli.

Talabgorlar litsenziya olish uchun davlat xizmatlari markazlariga (DXM) oʻzi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) roʻyxatdan oʻtadi.

DXMlarda markaz xodimi tomonidan, YAIDXPda mustaqil ravishda soʻrovnoma toʻldiriladi. Soʻrovnomaga tegishli hujjatlar elektron tarzda ilova qilinadi.

Davlat xizmatini koʻrsatish uchun BHMning yarim baravari (111 ming 500 soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi. YAIDXP orqali murojaat etilganda yigʻimning 90 foizi (100 ming 350 soʻm) undiriladi.

Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi 15 ish kunigacha boʻlgan muddatda soʻrovnomada koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻrganib chiqadi.

Oʻrganish natijasiga koʻra talabgorning malaka imtihonida ishtirok etish yoki ishtirok etishini rad etish toʻgʻrisida xulosa tuziladi va tasdiqlanadi.

Malaka imtihoni talabgorning malaka imtihonida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb topilgan xulosa tasdiqlangan kundan boshlab 5 kundan soʻng, lekin 15 kundan kechiktirmay oʻtkaziladi.

Olinishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 55 foizidan yuqori ball toʻplagan talabgor imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.

Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor boʻyicha qarordan koʻchirma tegishli adliya organiga litsenziya rasmiylashtirish uchun yuboriladi.

Talabgor tomonidan litsenziyani olish uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda davlat boji toʻlangandan soʻng:

litsenziyalovchi organ QR-kod qoʻyilgan litsenziyani rasmiylashtiradi va DXMga yoki talabgorga YAIDXP orqali yuboradi;

DXM litsenziya kelib tushgan kuni uni talabgorning elektron manziliga yuboradi yoki uning soʻroviga asosan litsenziyani qogʻoz shaklda beradi.

Faoliyat yuritayotgan davlat notariuslariga xususiy faoliyat uchun litsenziya faqat ularning arizasiga asosan Qoraqalpogʻiston Adliya vazirligi, hududiy adliya boshqarmalari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri rasmiylashtirib beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?