Xususiy mulkni qanday qilib buzilishdan saqlab qolish mumkin?

10:56 21 Noyabr 2020 Jamiyat
278 0

Illyustrativ foto

Oxirgi vaqtlarda koʻchmas mulklar, shu jumladan uy-joylarni davlat va jamoat ehtiyojlari(snos) uchun, degan vaj bilan buzishda qonunbuzilish holatlari koʻpayib ketdi.

Afsuski, masʼullardan qonunlarga rioya etishlarini qancha talab qilmaylik, biroq mulk daxlsizligini buzganlik uchun ularga nisbatan jazosizlik va manmanlik sabab qonunlarni buzishda davom etayotgan mansabdorlar hamon uchrab turibdi. Ayniqsa, Jizzax, Surxondaryo, Fargʻona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan kelayotgan murojaatlarda koʻplab fuqaro va tadbirkorlarning mulklari gʻayriqonuniy yoʻllar bilan buzilib, kompensatsiya ham qoplanmaganligi koʻrinmoqda.

Biroq bunday beboshlik uzoq davom etishi mumkinmas.

Shu bois, hurmatli mulkdor va tadbirkorlardan oʻz mulklarini himoya qilishda bir qator jihatlarga eʼtibor berishlarini soʻrab qolardim.

Agar sizning joyingizni buzib, yer uchastkasini olib qoʻyishmoqchi boʻlsa dastlab bu haqida rasmiy “ogohlantirish xati”ni talab qiling.

“Ogohlantirish xati” berishsa, unda qanday maqsad uchun sizning joyingiz buzilishga tushayotganligini yaxshilab oʻqib chiqing. Bordiyu, koʻp qavatli uy, savdo markazi yoki boshqa xildagi tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq qurilish belgilangan boʻlsa bilingki, Sizning joy yoki uyingizni gʻayriqonuniy ravishda buzishmoqchi.

Chunki sizning koʻchmas mulkingiz faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchungina majburiy buzilishga tushishi mumkin.

Qaysi holatlar davlat va jamiyat ehtiyojlariga kirishi esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning 2018-yil 1-avgustdagi 5495-sonli Farmonida aniq belgilab qoʻyilgan.

Unga koʻra, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qoʻyishga faqat quyidagi maqsadlarda yoʻl qoʻyiladi:

— mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;

— xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

— foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;

— avtomobil va temir yoʻllari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obyektlari va aviatexnika markazlari, temir yoʻl transporti obyektlari, koʻpriklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi obyektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obyektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);

— aholi punktlari bosh rejalarini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan obyektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Boshqa barcha holatlarda yer uchastkasini olib qoʻyish uchun koʻchmas mulkni buzish gʻayriqonuniydir.

Mulkingiz davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilishga tushgan taqdirda ham Siz bundan norozi boʻlsangiz, toki sud tomonidan bu ish koʻrilib qonuniy qaror qabul qilinmaguncha, sizning tanlov va talabingizga koʻra kompensatsiya va boshqa toʻlovlar toʻliq qoplanmaguncha mulkingizni buzishlari mumkinmas.

Buni yodda tuting va talab qiling!

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?