Xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash — dolzarb masala

20:08 18 Sentyabr 2020 Jamiyat
108 0

Toshkent davlat yuridik universiteti tashabbusi bilan “Oʻzbekiston Respublikasida xususiy mulkni himoya qilishni takomillashtirish: qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. Bu haqda OTMning Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

“ZOOM” platformasi orqali tashkil etilgan onlayn anjumanda davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, turli ilmiy markazlar va sud-huquq tizimi mutaxassislari, professor-oʻqituvchilar va mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda xususiy mulk huquqini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bunda yuridik fan bilan amaliyotning uzviyligini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Unda soʻz olganlar xususiy mulk, uni himoya qilish asoslari, mulk daxlsizligini taʼminlashda uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari xususida toʻxtalib oʻtdi.

Qayd etilganidek, xususiy mulkni har qanday tajovuz va tahdidlardan saqlash, bu boradagi sud amaliyotini yana-da takomillashtirish soha mutasaddilari oldida turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish,tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida”gi farmonida xususiy mulk daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va erkinligini taʼminlash, tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va yana-da koʻpaytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida belgilangan vazifalar sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Biroq mulkdor huquqlarini cheklash, mol-mulkni, xususan, yer uchastkalarini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish bilan bogʻliq muammolar kundalik hayotda uchrab turibdi.

— Hozirgi kunda xususiy mulkni himoya qilish sohasidagi amalga oshirilgan islohotlar va koʻrilayotgan choralarga qaramasdan oʻzboshimchalik bilan xususiy mulk huquqini poymol qilish, ayrim mansabdor shaxslarning adolatsiz va asossiz vajlar bilan koʻchmas mol-mulkni buzish holatlari ham kuzatilmoqda, — deydi TDYUU rektori Rahimjon Hakimov. — Shuning uchun qonunchilik va huquq qoʻllash amaliyotidagi xususiy mulkni himoya qilish bilan bogʻliq mazkur muammoli vaziyatlar va boʻshliqlarni bartaraf etish yoʻllarini ishlab chiqish va qonunchilikni takomillashtirish lozim. Bugungi ilmiy-amaliy anjuman orqali huquqshunos olimlar, tadqiqotchilari va amaliyotchi mutaxassislarning sohadagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur taklif va tavsiyalarini jamlab, ularni amaliyotga tatbiq etishni rejalashtirganmiz.

Eslatib oʻtamiz, konferensiyada jamlangan tavsiya va takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdor huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida"gi qonunni takomillashtirish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?