Xususiy klinika litsenziyasini bekor qilish – muammoga yechimmi?

18:06 10 Avgust 2020 Siyosat
351 0

Kuni kecha eʼlon qilingan Sogʻliqni saqlash vazirining «Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash mezonlarini tartibga solish va retro-prospektiv tahlil oʻtkazish toʻgʻrisida»gi buyrugʻi bilan xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bogʻliq faoliyati boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish, shu jumladan, ularning litsenziyalarini bekor qilish boʻyicha sudlarga daʼvo arizalarini kiritilishining belgilanishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Taʼkidlanayotganidek, xususiy klinikalar “Tez yordam” kelmasdan, taqdim etilgan telefon raqamlari javob bermagan bir paytda, oʻlim toʻshagida yotgan bemorlarni koʻtarib kelganlarga hech kim yordam qilmagani uchun ularga yordam berishga majbur boʻlgan. Shu bois, endi tajriba oshib, yangi davolash standartlari qabul qilinib, ahvol ancha yengillashganda, aybni xususiy klinikalarga agʻdarilayotganligidan norozi boʻlmoqda.

Shuningdek, xususiy tibbiyotga nisbatan boʻlayotgan “oʻgay”larcha munosabatdan, ularni hech kim himoya qilmayotganligidan, “xususiy klinikalarda kerakli asbob-uskunalar yoʻq, dori-darmon yoʻq, ular notoʻgʻri davolaydi”, deb kamsitilayotganligidan taassuf bildirish bilan birga, «davlat klinikalarida mutlaqo toʻgʻri davolanildimi? U yerlarda kerakli hamma narsa bormidi? Nega xususiy klinikalarga ham tavsiyalar, qoʻllanmalar berilmadi?» kabi haqli eʼtirozlarni keltirmoqda.

Vaholonki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga istisno tariqasida 2020-yil 1-sentyabrga qadar tibbiy xizmat koʻrsatishga ruxsat berilgan. Sogʻliqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi maʼlumotiga koʻra, poytaxtdagi faqat 7 ta xususiy klinika tegishli tartibda shartnoma imzolagan.

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi, bu jami xususiy klinikalarga nisbatan necha foizni tashkil etadi, mutasaddilar tomonidan mamlakat uchun shunday kritik holatda xususiy tibbiyot tashkilotlari qay darajada mazkur xizmatlarni koʻrsatishlari uchun shartnoma tuzishga jalb etildi, ragʻbatlantirildi, imkoniyatlar yaratib berildi yoki jarayonga taklif etildi?!.

Shuningdek, qayd etilgan qarorga koʻra mutasaddilarga nodavlat tibbiyot tashkilotlari tibbiyot xodimlariga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda uni davolashning zamonaviy va samarali usullarini qoʻllash yuzasidan amaliy koʻnikmalarni oʻrgatish, ularning bino-inshootlarini dezinfeksiya vositalari bilan tizimli ravishda ishlov berilishini taʼminlash, dezinfeksiya tadbirlarini toʻliq amalga oshirish uchun yetarli miqdorda dezinfeksiya vositalari zaxirasini yaratish choralarini koʻrish topshirilgan. Xoʻsh, bu yoʻnalishlarda qanday ishlar amalga oshirildi?!

Mazkur savollarga mutasaddilardan javob kutib qolamiz...

Oʻzbekiston Respublikasi“Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasida mutasaddilarga sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarini rivojlantirishni bir xilda ragʻbatlantiruvchi sharoitlar yaratish vazifasi yuklangan. 7-moddasida esa mamlakatda sogʻliqni saqlashning davlat va xususiy tizimlari yigʻindisidan iborat yagona sogʻliqni saqlash tizimi amal qilishi, shuningdek,xususiy tibbiyot muassasalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan roʻyxatga muvofiq bemorlarga 20 foizga qadar bepul tibbiy xizmat koʻrsatishi va bu xizmatlar byudjet hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan.

Xoʻsh, yuqorida qayd etilgan qonun va qarorlarga mutasaddilar tomonidan toʻla amal qilinyapti deya olamizmi?..

Mamlakatimizda pandemiya oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyatda mutasaddilar sogʻliqni saqlash tizimining barcha boʻgʻinlarini birdek koʻrib, butun eʼtiborni vaziyatni yaxshilashga qaratmoqdami?Xususiy klinikalar ham boshqalar qatori davlat loyihalariga taklif etilmoqdami, ular mamlakat sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish jarayonlariga jalb etilmoqdami? Pandemiya sharoitida davlat tibbiyot tizimi ogʻir ahvolga tushib qolganda,tizimning maʼlum “yuki”ni oʻz zimmasiga olgan nodavlat tibbiyot muassasalari vakillari hukumat tomonidan qanday ragʻbatlantirilmoqda?

Albatta, ushbu yoʻnalishlarda ham mutasaddilardan javob kutib qolamiz...

Ijtimoiy tarmoqlarda toʻgʻri taʼkidlanayotganidek, investorlar tomonidan yurtimizda tibbiyot muassasalari qurilib, zamonaviy tibbiyot texnologiyalari olib kelinishi, umuman, tizimga investitsiyalar qilinishi sogʻliqni saqlashning davlat va xususiy tizimlari yigʻindisidan iborat yagona tizimning qay darajada taraqqiy etganiga bogʻliq. Shuning uchun tegishli davlat organlaridan qoʻyilgan savollarga javoblar bilan birga, mamlakat tibbiyot tizimini sogʻlomlashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ham kutamiz.

Odiljon IMINOV,
Oliy Majlis Senati
Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash

masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?