“Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Qonunda qanday oʻzgarishlar boʻladi?

15:02 10 Iyun 2020 Siyosat
544 0

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida koʻrib chiqilgan “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamasi qizgʻin kechdi.

Taʼkidlash joizki, “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi qonun 2018-yilda qabul qilingan. Toʻgʻri, qonun qabul qilinganiga hali koʻp vaqt boʻlmadi. Lekin bugungi kunda qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish zarurati bor.

Nega deganda, Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar xorijda ish qidirayotgan shaxslardan undirilishi natijasida xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarning ishonchini suiisteʼmol qilish hamda ularga moddiy zarar yetkazish holatlari koʻpaymoqda.

Shu bilan birga xususiy bandlik agentliklari tomonidan xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatga olish va bajarilishini nazorat qilish hamda monitoring qilishning shaffof mexanizmi mavjud emasligi ular faoliyatida toʻgʻrisida aniq va haqqoniy maʼlumotlarning olinishi va tahlil qilinishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Qolaversa, litsenziyalovchi organda xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish vakolatining mavjud emasligi ular tomonidan fuqarolarni aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelmoqda.

Qonunga qanday oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda?

Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni chet ellik ish beruvchi hisobidan amalga oshirish mexanizmini joriy etish;

ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasida zaxira qilib qoʻyiladigan mablagʻlarni bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz ming besh yuz baravari miqdorida belgilash;

uchinchidan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlarini koʻrsatilgan taqdirda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmagan miqdorda haq olish, shuningdek tashkil etilgan filial va vakolatxonasi haqida maʼlumotlarni taqdim etish;

toʻrtinchidan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarni Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “labor-migration” dasturiy majmuasida real vaqt rejimida roʻyxatdan oʻtkazish tartibini joriy etish hamda mazkur talabga rioya etmaslik xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab boʻlishini belgilab qoʻyish;

beshinchidan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan oldin ularga koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlar undirilmasligi, shuningdek, maʼlumotlar olish uchun oʻzining hamda majburiyatlari bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda murojaat qilish uchun Oʻzbekiston Respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining aloqa bogʻlashga doir maʼlumotlari toʻgʻrisida bildirishnoma yozma shaklda berilishini nazarada tutish;

oltinchidan, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor etish tartibida (moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmasdan) tekshirish hamda tekshirishlar jarayonida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining vakolatli vakillari xususiy bandlik agentliklarining hududlari va binolariga moneliksiz kirish, hujjatlar bilan tanishib chiqish, ulardan koʻchirma nusxalar hamda masʼul xodimlardan faoliyatga doir masalalar boʻyicha ogʻzaki va yozma tushuntirishlar olish vakolatini belgilash taklif etilmoqda.

Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishdan nimalar kutilmoqda?

Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni chet ellik ish beruvchi hisobidan amalga oshirish mexanimini joriy etish orqali xorijda ish qidirayotgan shaxslardan pul mablagʻlarini oldindan olish amaliyoti bekor qilinadi va fuqarolarning mulkiy huquqlarining daxlsizligi taʼminlanadi;

ikkinchidan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish jarayonida mulkiy ziyon yetkazish holatlari sodir etilgan taqdirda yetkazilgan zararni zaxira qilingan pul mablagʻlari hisobidan qoplash imkoniyati yaratiladi;

uchinchidan, xususiy bandlik agentliklari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtkazish orqali nazorat qilish, shuningdek, ular faoliyati boʻyicha maʼlumotlarni soddalashtirilgan tartibda olish mumkin boʻladi.

Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor etish tartibida (moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmasdan) tekshirish vakolatini berish orqali ular tomonidan turli qonunbuzilish holatlari sodir etilishining oldi olinadi.

Umuman olganda, xususiy bandlik agentliklari faoliyatida turli suiisteʼmolchiliklar kelib chiqishiga yoʻl qoʻymaslik hamda fuqarolarga yetkazilishi mumkin boʻlgan mulkiy zararlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar kuchaytiriladi.

Zafar XUDAYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?