Xususiy bandlik agentliklari masʼuliyati oshiriladi

15:48 11 Iyun 2020 Siyosat
275 0

Maʼlumki, aholi bandligini taʼminlash va shu orqali ularning turmush farovonligini yaxshilash maqsadida “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, 2018-yildan boshlab mamlakatimizda bir qator ana shunday agentliklar faoliyat yurita boshladi. Asosan fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish bilan shugʻullangan bu kabi agentliklar orasida halollikka amal qilmay ularga murojaat qilgan fuqarolarning mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirish holatlari ham kuzatildi. Ushbu holatlar “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga sabab boʻldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 11-iyun kuni boʻlib oʻtgan majlisida deputatlar mazkur qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

Taʼkidlanganidek, litsenziyalovchi organda xususiy bandlik agentliklari faoliyatini doimiy oʻrganib borish majburiyati ham vakolati ham mavjud emasligi bunday agentliklar tomonidan fuqarolarni aldash yoki ishonchini suiisteʼmol qilish, fuqarolarga juda koʻp miqdorda moddiy zarar yetkazish kabi jinoyatlar sodir etildi. Xususan, oʻtgan davr mobaynida 10 ta xususiy bandlik agentligining rahbar va xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, ular tomonidan 7123 nafar fuqaroga 72,3 milliard 888 million soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Muhokama etilgan qonun loyihasi bilan normalar yana-da takomillashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni chet ellik ish beruvchi hisobidan amalga oshirish mexanizmini ham joriy etish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan chet eldan ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishidan avval ularga koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlar undirilmasligi belgilanmoqda.

Xalq vakillarining fikriga koʻra, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi xususiy bandlik agentliklari faoliyatida turli suisteʼmolchiliklar kelib chiqishining hamda fuqarolarga yetkazilishi mumkin boʻlgan mulkiy zararlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?