Xurramobodliklar chayonlar va havo ifloslanishidan aziyat chekmoqda

12:07 28 Iyun 2019 Jamiyat
471 0

Kutilmaganda uyingizdan chayon chiqsa oila aʼzolaringiz qanchalar behuzur boʻlishini tasavvur etish qiyin emas. Agar bu voqelik muntazam ravishda roʻy bersachi? Fikrimizcha, na yeyishingizda va na tunlari dam olishingizda halovat qoladi.

Rishton tumanining Xurramobod qishlogʻi ahli allaqachon bunday hodisalardan ajablanishmaydi. Chunki ularning 6 yildan buyon hal etilmayotgan jiddiyroq va bundanda xavfliroq muammolari bor:

Xurramobod qishlogʻining Yangi hayot mahallasida 135 xonadon mavjud. Aholi 2013-yilgacha keng dalalar, toza havo qoʻynida el qatori umrguzaronlik qilayotgan edi. Nima boʻldiyu,mahallaga qoʻshni konturdagi sobiq chorva fermasi oʻrnida “Oliy sifat sari” xususiy firmasi gʻisht va devorbop mahsulotlar ishlab chiqarish zavodini qurdi. Xurramobodliklarning 70 nafari doimiy ish bilan taʼminlandi. Aslida hammasi shundan boshlangan. 2015-yilga kelib Yangi hayot mahallasi va zavodning quyi qismidagi aholi punktlarida allergik, nafas qisishi kasalliklariga chalinish, doimiy bosh ogʻrigʻi, asabiylashish, bolalar orasida yoʻtal yoʻtal avj ola boshladi. 2016-yilga kelib fuqarolarning gʻisht zavodi faoliyatidan eʼtirozlari kuchayib ketdi. Buning eng asosiy sabablari esa, zavodning aholi punktiga bir devor yaqinligi, gʻisht pishirishda koʻmir bilan birga eski shinalari va charm yoqilishida. Bundan tashqari, shamolda koʻtarilgan tutun chang aralashmasi tufayli aholi oʻz hovlisida oʻtirolmay qoldi. Bu ham yetmagandek,zavodga tuproq turli joylardan keltirilganligi bois, mahallani bir koʻrishda etni seskantirib yuboradigan chayonlar bosib ketdi.

Akbarjon MAMAJONOV, “Xurramobod” MFY raisi:

Yangi hayot mahallasidagi fuqarolarimiz , qoʻpol qilib aytganda, havodan boʻgʻilib qolishgan. Tunlari bechoralarga katta yuk mashinalarining gurullagan ovozi, taqir-tuqurlar, shovqin-surondan halovat yoʻq. Qishloq oilaviy punkti, 29-umumtaʼlim maktabi va davlat sherikchiligi asosida qurilayotgan 150 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi ham oʻsha hududda joylashgan. Deyarli, murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Hammasida bir hil javob. Gʻisht zavodi ekologik va sanitarik talablarga javob bera olarmish. Zavodni koʻchirish uchun shu qishloq hududidan boshqa maydonlarni ham taklif etdik, boʻlmadi. Axir, shovqin va chang, tutun bilan ishlovchi zavodlar aholi yashash hududlaridan yiroqda joylashtirilishini, bunga qonuniy norma va talablar borligini oddiy fuqaro ham biladiku.

Munira OXUNOVA, Yangi hayot mahallasi patronaj hamshirasi:

Nafas yoʻllari va allergik kasalliklari bilan chalingan 10 dan ortiq fuqarolar bor mahallada. Masalan, ErgashevaDilorom ikki yildan buyon surunkali bronxit bilan shifokor nazoratida turadi. Roʻyxatga olinganlar soni tobora ortib borishi aniq. Chunki bugun boʻlmasa ertaga baribir shu mahallada yashovchi yoshu qari, erkagu ayol shu kasallik bilan ogʻrishi ehtimoli juda yuqori. Ular yongan koʻmir chiqitlarini nafas yoʻllari orqali yutib, oʻpkada toʻplab borishyapti. Bu esa hayot uchun juda xavfli.

Dilorom ERGASHEVA, Yangi xayot mahallasi, 144-xonadon:

Muntazam qattiq bosh ogʻrigʻi va bronxit qiynaydi meni. Ikki yildan buyon allergiyadan azoblanaman. Chang, tutun va koʻmirning hidiga chidolmayman. Doimiy tarzda tomogʻimga sal butamon sepib yuraman. Doʻxtirlar agar kasallikni oldini olmasangiz astma kasalligini orttirvolasiz, deyishyapti. Iloji yoʻqligidan ota-onamning Toʻda qishlogʻidagi uyida yashayapman. U yerda yaxshi boʻpqolaman. Kasallik qiynamaydi. Uyga qaytib kelishim bilan hammasi yangitdan boshlanaveradi. 4 farzandim bor. Bir devor naridagi gʻisht zavodi allaqachon hammamizga oʻz taʼsirini oʻtkazib boʻlgan. Hammamiz asabiy boʻlib qolganmiz. 2 yoshli farzandim Oyatullo Raximjonov yaqinda ogʻir-ogʻir nafas olishni boshlab qoldi. Bir dasturxonda oʻtirmaymiz. Hammamiz shu muammo sabab har yerda yashayapmiz.

Gʻofirjon MADALIYEV, Qalʼacha mahallasi faoli:

Yangi hayot koʻchasiga tutash zavoddan tashqari, hududda yana 2 ta boshqa gʻisht ishlab chiqaruvchi obyekt bor. Bizdan bir kilometr gʻarb tomonda. Oʻsha zavodlar ham Qalʼacha mahallasi fuqarolarini zaharlashda davom etyapti. Chiqayotgan qora qoʻlansa tutun hidi koʻngilni aynitib, koʻkrak qafasini achitib yuboradi. Aksariyat bolalarimizda soʻngi ikki yilda nafas qisishi, allergik kasalliklar kuchayib ketdi. Yana oʻn yillarda ogʻir asoratlarga olib kelishi aniq. Hozir qoʻshnilarim ham vahimaga tushib qolishgan.

Abdurahmon Ergashev, Yangi hayot mahallasi faoli:

Dehqonchiliklarga ham juda katta salbiy taʼsir koʻrsatyapti bu muammo. 6 sotix tomorqada uzum parvarishlayman. 3 yildan buyon ming urinsak ham kutilgan daromadni bermayapti. Yomgʻir yogʻsa tokning mevasi bilan birga devorlarimizga qora rang sepib qoʻygandek boʻpqoladi. Bundan tashqari, pomidorlar sara mevaga kirganda qurishni boshlaydi.

Shoxida USMONOVA, Yangi hayot mahallasi, 130-xonadon:

Yozmagan joyi iz qolmadi. Shuncha murojaat qilsak ham muammolarimiz oddiy aholi foydasiga hal boʻlgani yoʻq. Har gal shikoyatimizga javob xati bilan birga masalani oʻrgangani ishchi guruhi keladiyu “koʻrib chiqamiz”, “masala qoʻyamiz” qabilida bizni “yupatib” ketishadi. Bahonalari hali mahalladoshlar orasida sil kasalligiga chalinganlar yoʻq emish. Sil kasal boʻlganimizdan keyin hal qilishadimi bu muammoni? Maktub ortidan tekshirib kelishsa, poliklinikadagilar mahallamizdagi kasallanganlar sonini yashirishyapti. U yoq bu yoqqa murojaat qilaverganimizdan bizni qoʻrqitib qoʻyish uchunmi mahallani sudga berdik, degan gap tarqatishipti gʻisht zavodidagilar. Surishtirsak yolgʻon maʼlumot boʻlib chiqdi. Shu yil aprel-may oylarida tuman hokimligi vakillari, DSENM vakillari bilan mahalla ishtirokida yigʻilishlar boʻlib oʻtgan. Biroq tuman hokimligi vakillari sendan kallasi kattalar qoʻl qoʻygan zavod hujjatlariga, hammasi hisob kitob qilingan, qabilida gapirib ketishdi. Shumi tekshirib ketganlari?Bu gʻisht zavodi deganlari hammamizni kasal qilib boʻldi-ku!?

Aytishlaricha,“katta odamlar” turarmish zavod ortida. Gʻisht zavodi mutasaddilarining topib olgan bahonasi: “Biz shu qishloqdagi falon kishini ish bilan taʼminlayapmiz!”. Bizning sogʻligimiz evazigaya?!

Gulnora TOʻYCHIYEVA, Yangi hayot koʻchasi, 130-uy:

Turmush oʻrtogʻim Toʻychiyev Ismoiljon hozir 20 km. naridagi Zodiyon qishlogʻida yashayapti. Nafasi qisadigan, allergiya boʻlib qolgan. Nima qilishni bilmayapmiz. Uyni sotib ketaylik desak, bunaqa ahvolda hech kim uyni olmayapti. Zodiyonda qiynalmay nafas oladi erim. Bir pasta yaxshi boʻpqoladi. Yangi hayotga kelishimiz bilan kasallik yana xuruj qiladi. Zavodga turli joylardan har hil tuproqlar olib kelinavergach uyimiz hovlimiz, tomorqamiz chayonlarga toʻlib ketgan. Toʻgʻri, bir martadezinfeksiya qilib ketishdi, lekin foydasi boʻlgani yoʻq. Bir necha qoʻshnilarimizni belidan qoʻlidan oyogʻidan chaqib oldi. Kechqurun chayondan qoʻrqqanimiz yetmagandek, tunda toʻs toʻpolon avjiga chiqadi, katta mashina bortini tuproqdan tozalash uchun qattiq jism bilan urishganda eshitiladigan qoʻrqinchli ovoz jang maydonini eslatadi. Kechayu-kunduz tinchlik yoʻq.

Xolida XAMROALIYEVA, Yangi hayot koʻchasi, 147-uy:

XoʻjayinimXamroaliyev Aloviddin 4 yildan buyon astma kasalligi bilan ogʻriydi. Lekin nazoratda turadimi, aniq bilmayman. Bir kunda 6 ta efilin tabletka ichishga majbur. Ukolini har kuni tunda oladi. Tabletka,ukol qabul qilmagan kuni nafas ololmay xirillab qoladi. Shamol, shabboda kunlari ishonasizmi, tashqariga chiqib boʻlmaydi. Bolalar va nabiralarimni uyda ihota qilib oʻtiraman. Hamma mahalladoshlar vahimaga tushib qolishgan.

Mahalladagilar koʻmir zavodini koʻchirish yoki faoliyatini toʻxtatish masalasida deyarli bormagan,yozmagan joylari qolmadi. Masalan, shu mahallada istiqomat qiluvchi D. Ergashevaning 2018-yil 15-aprel kungi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga qilgan murojaati Rishton tumani va viloyat DSENM tomonidan oʻrganib chiqilib atmosfera havosi tarkibidagi chang miqdori meʼyorida, degan xulosa beriladi. Yana bir holat, Xurramobod qishlogʻida yashovchi X. Ahmadjonovning tuman prokuroriga shu mazmunda yozgan arizasiga Tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi Rishton tumani inspeksiyasi boshligʻi R. Fozilovdan javob maktubi keladi. Unda yozilishicha, gʻisht ishlab chiqarish zavodi qurilishiga yer tanlash va ajratish bosqichida aholi yashash punktiga shundoqqina bir devor qoʻshni konturga (!) Fargʻona viloyat davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingan. Ushbu javob xatida yana fuqarolar tomonidan koʻrsatib oʻtilgan barcha kamchiliklarga zavod xodimlari tomonidan barham berilayotganligi qistirib oʻtiladi. Rishton tumani hokimi T. Rahimovning 2018-yil aprel oyidagi murojaatga javob maktubida ham olingan namunalar tarkibida chang va is gazlari miqdori meʼyor koʻrsatkichidan yuqori emasligi bayon qilingan.

Ana xolooos! Meʼyor koʻrsatkichlar va davlat ekologik ekspertizasining xulosasi ijobiy boʻlsa, shu-uncha muammo osmondan tushdimi. Axir yangi hayotlik fuqarolarning kun sayin xastalanib borayotganligi qogʻozlarda emas, real hayotda roʻy berayapti-ku?! Xullas, siz allaqachon xulosa qilgan boʻlsangiz ajablanmaymiz.

BIZNING XULOSA:

Kim qanday qabul qiladi, bilmadigu,135 xonadon aholisi kuyinib aytayotgan muammolarining yolgʻon joyi yoʻq, bizningcha. Vaqtida tan olib bu masalani bartaraf etish yoʻllarini zudlikda koʻrish zarur. Aks holda, yana bir necha yillarda bu qishloqda roʻyxatda va nazoratda turuvchi ogʻir allergik va sil kasalligiga chalingan fuqarolarning soni kun sayin ortaveradi. Fargʻona viloyati va Rishton tumanidagi har qanday vakolatli tashkilotlarning xurramobodliklar murojaatlariga nisbatan yoʻllagan javob xatlari qanday mazmunda boʻlmasin, muammo bu bilan oʻz yechimini topib qolmaydi. Aksincha, vaziyat yanada ogʻirlashaveradi. Axir bu holatga befarqlik aholiga ochiqdan ochiq suiqasd emasmi? Gʻisht zavodidan chiqayotgan qoʻlansa tutunlar aholining kasallanib borayotganiga sabab boʻlmasa,nega xastaliklarning asl mohiyati,kelib chiqishi 6 yildan buyon asoslab berilmayapti?!

Biz bunday fikrdan yiroqmizu, lekin oʻnlab murojaatlar muntazam ravishda gʻisht zavodi mutasaddilari foydasiga hal etilayotganligiga qaraganda, bu holatda uzoq vaqt davomida korrupsiyaga yoʻl qoʻyib kelingan. Yangi hayotliklar mana shunday fikrda! Fikr uchun esa demokratik jamiyatimizda isbot va dalil talab etilmaydi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi”muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?