Xudojon, onamga oʻxshar har ona, Mehr ustunlari ular dunyoning

11:15 07 Mart 2020 Madaniyat
446 0

“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti Madaniyat rukni ostida “Yosh ijodkorlar gurunggi” ni tashkil etdi. Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib boriladi. Marhamat, oʻqing, bahra oling.

Suhrob ZIYO — 1996-yil 25-oktyabrda Qashaqadaryo viloyati Qarshi tumanida dunyoga kelgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetidagi Oliy adabiyot kursi tinglovchisi. Shu bilan birga “Maʼrifat” gazetasida boʻlim muharriri vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. 

***
Parishonim, oy kechasi xayollaring,

Yana mahzun bahorlarni sogʻindimi?

Kaftlaringni duo kabi isintirgan

Issiq baxtlar yuragingga sigʻindimi?

Parishonim, tilim botmon sukut boʻldi,

Dodladim-ov, ichimga dod choʻkib ketdi.

Iching toʻla anduhligin sezib turib,

Men ismingdan baxt soʻzini oʻqib ketdim.

Parishonim, endi oh ham ingichkadir

Senga eltmas tuygʻularga ovunmadim.

Parishonim, shuncha rostim kor qilmadi,

Bir aldayin, biir aldayin: sogʻinmadim...

Parishonim, koʻzlaringda mayus hadik ,

Koʻzyoshlaring kiprigingga shivirlaydi.

Qalqib-qalqib tursa ashking kemalari,

Dunyolarim mehvaridan qimirlaydi.

Parishonim, soʻz aytmasga ilojim yoʻq.

Soʻz aytarga haddim sigʻmas, qahrgulim.

Sen - tigʻida oʻz jonini tilib yurgan,

Koʻngilbogʻning eng arzanda atirguli.

Dard arimay, gʻam qarimay qolarmidi?

Oʻksimagin, dardsiz dillar xasis boʻlar.

Parishonim, baxtni toʻkma koʻzlaringdan,

Olloh bizni dardimiz-la aziz bilar.

Parishonim, endi oh ham ingichkadir...

 

Dunyodagi barcha onalarga bagʻishlanadi

Ohi falak ham u, jonhalak ham u,

Soyasidan oftob ungan sabrgul.

Xudo aylantirgan charxpalak ham u,

Havvo nafasidan ungan atirgul.

Sujudin talashib oʻtar subhu tun,

Vujudi olmaydi dardlar pandini.

Tangrining sinovin yengib jigarxun,

Jilmayib quchadi jigarbandini.

Oyning yarmi qaro, lekin dil yorugʻ

U ham sabrim kabi toʻlin boʻlsin der,

Oʻgʻlim dunyolarni olsin der hali,

Qizim koʻzmunchoqday kelin boʻlsin der.

Ey, koʻzi kir bosgan dunyofurushlar,

Ey, izi gunohdan ortmagan mardum.

Nechuk nafsingizda badbin xurujlar,

Shukrona qilmaysiz nechuk tong uchun?

Nechuk bul havoni simirmoqdasiz?

Vijdonning koʻziga koʻrinmaysizmi?

Shunday goʻzal zotlar yurgan dunyoni

Pokiza tutmoqqa urinmaysizmi?

Har dami bir nurli munojot boʻlgan,

Har oni shukrona boʻlganlar haqqi.

Joni azoblarda yurgan chogʻda ham,

Jon bolasin eslab turganlar haqqi

Xudojon, onamga oʻxshar har ona,

Mehr ustunlari ular dunyoning.

Xudojon, asragin mushfiqlarimni,

Xudojon, joniga sihat ber, omin!

***
Majnuna opaga

Boʻm-boʻsh shahar...

Tashvishlarni ortgan tanalar,

Bu tosh yoʻllar zeriktirar hatto bahorni.

Bor ogʻriqlar yuragimga kelib qamalar,

Siz soʻraysiz: yuragingiz haliyam bormi?

Men skripka chalayotgan sodda boladay

Bu dunyoning raftorini bilmagan holda

Tosh dunyoga yuragimni ochdim daladay,

Uni payhon qilib oʻtdi daydi shamollar.

Zaharlandim: oʻpkam ikki boʻlingan osmon,

Titilmoqda hislarimning ozon tuynugi.

Keyin men ham zahar socha ketdim har tomon,

Koʻnglin pora-pora qildim men ham kimnidir.

Oydan ayru tunlar meni oʻyga toldirar,

Nurdan bino boʻlmish tongning baxtiyorligi.

Qaqshab ketgan qovurgʻamni hayron qoldirar

Koʻksim ichra yuragimning hali borligi.

*** 

Fursatlar xazonday sovrilgan chogʻi,

Yurak bir ilinjga kelganida tor.

Botinga qulasa gunohlar togʻi,

Pushaymon boʻlmoqqa imkonimiz bor.

Mayus nigohlardan sizib chiqar oy,

Qorayib toʻkilar qarogʻlardan tong.

Huvillab yotibdi ming-minglab saroy,

Poygakda joy yetmas vayronalar bor.

Bir bulbul qon qusib berganida jon,

Bir gul iforini qilganda savdo.

Ishoning, chin ishq bor dunyoda hamon,

U dunyo qadami yetmagan dunyo.

Ummonlar urvoqdir, qoyalar zarra,

Har qoʻshiq ruh uchun atalgan dordir.

Faqat bir nigohning doirasida

Baxtiyor boʻlmoqning azobi bordir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?