XTV va Qobul Doʻsov oʻrtasidagi sud jarayonini kuzatib...— R.Kusherbayev

09:04 23 Sentyabr 2020 Jamiyat
887 0

Chirchiqda oʻtayotgan Xalq taʼlimi vazirligi va Qobul Doʻsov oʻrtasidagi sud jarayonini kuzatib bir qator pozitiv oʻzgarishlar boʻlayotganligini sezyapman.

Avvalo Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovning vazirlik, qolaversa oʻz shaʼnini demokratik prinsiplar asosida sud orqali himoya qilishga oʻtgani Oʻzbekiston ijtimoiy siyosiy hayoti uchun ijobiy hol, deyish mumkin.

Afsuski bir qator masʼullarimizda bu kabi ziddiyatlarni ustun mavqe va kuchiga ishonib, “koʻcha” usulida hal qilish holatlari uchrab turgan bir vaqtda bu uslub jamiyatning huquqiy savodxonlik darajasi yuksalib, madaniy saviya sari odimlab borayotganligini koʻrsatmoqda.

Sud natijasi qanday yakun topishidan qatʼiy nazar fuqaro va davlat idoralari oʻrtasida paydo boʻladigan bu kabi ziddiyatlar pirovardida soʻnggi yillarda erishgan eng katta yutugʻimiz- axborot va soʻz erkinligini taʼminlash borasidagi qadamlarning toʻxtashiga, fikr aytishda hadiksirash kayfiyatining paydo boʻlib qolishiga olib kelmasligi zarur.

Ishonamanki, Oʻzbekistonda soʻz va fikr erkinligi hech qachon boʻgʻilmaydi va bu erkinlik shaxslarni kamsitish, shaʼnini bulgʻash uchun ham ishlatilmaydi.

Yashasin soʻz erkinligi, yashasin inson manfaati!

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?