XTV maktablardagi pul yigʻimi masalasiga izoh berdi

14:43 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
66 0

OAV vakillari va blogerlar maktablarda pul yigʻimi masalalari boʻyicha turli maʼlumotlarni eʼlon qilmoqda. Eslatib oʻtamiz, joriy yilning may oyida bir maktab misolida umumtaʼlim maktablarini moliyalash masalasiga oydinlik kiritilgan edi.

Taʼkidlash joiz, maktab taʼlimi tizimiga ajratiladigan mablagʻlarning 90 foizi oʻqituvchi va maktab rahbarlari maoshiga yoʻnaltiriladi. Qolgan mablagʻni maktab maʼmuriyati muassasalarni joriy taʼmirlash va obodonlashtirish hamda muassasani yangi oʻquv yili hamda kuz-qish mavsumiga tayyorlashga sarflashi lozim. Bu mablagʻlar maktablarni toʻliq va sifatli taʼmirlashga yetmaydi. Shu tufayli maktab rahbariyati yillar davomida pul yigʻishga majbur boʻlgan.

Joriy yilda maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun pullik xizmat (boʻsh joylarni ijaraga berish, pullik toʻgarak)larni tashkil etish imkoniyati yaratildi. Qoʻshimcha mablagʻ topgan holda xodimlarni ragʻbatlantirish va maktabning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga imkon berildi.

Qoʻshimcha mablagʻ topishning yana bir yoʻli homiylarni jalb etishdir. Homiylar turli korxona, sobiq bitiruvchilar, oʻquvchilarning ota-onalaridan iborat boʻlishi mumkin. Maktablarda majburiy pul yigʻish taqiqlanadi. Homiylik ixtiyoriy tarzda va qonuniy tashkil etilishi lozim. Yaʼni, pul mablagʻlari maktab hisobiga tushishi va homiylar mablagʻlarni sarflanishi boʻyicha maʼlumot olishi uchun sharoit yaratilishi kerak.

Bu yil maktablarda Kuzatuv kengashlari tashkil etildi. Kengashga oʻquvchilarning ota-onalari, sobiq bitiruvchilar, oʻqituvchi va boshqalar saylanishi mumkin. Kuzatuv kengashlariga byudjetdan hamda qoʻshimcha ishlab topilgan mablagʻlarni samarali va maqsadli sarflanishini nazorat qilish imkoniyati yaratilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?