XTV maktab formasi boʻyicha ota-onalarga murojaat bilan chiqdi

14:59 30 Avgust 2019 Jamiyat
338 0

Unda, jumladan, shunday deyiladi: "Soʻnggi kunlarda turli xil ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin munozaralarga sabab boʻlayotgan davlat umumtaʼlim muassasalarida oʻquvchilar uchun yangi oʻquv yilida kiyishi lozim boʻlgan maktab formasi xususida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi.

Bugungi kunda respublikamizdagi umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarning maktab formasi va uni kiyib yurish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi “Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 666-sonli Qarori bilan tasdiqlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-iyundagi “Vazirlar Mahkamasining davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 15-avgustdagi 666-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qaroriga binoan davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formalarini majburiy qilib belgilash 2024/2025-oʻquv yilidan deb belgilandi.

Garchand, yagona maktab formasining majburiyligi kechiktirilgan boʻlsa-da, Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2018/2019-oʻquv yilidan boshlab amalda saqlanib qolmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib vazirlik yangi oʻquv yilida davlat umumtaʼlim maktablarida maktab formasi sifatida quyidagi kiyim-kechaklarni tavsiya qiladi:

1) oʻgʻil va qiz bollar uchun – tepasi oq (klassik koʻylak), pasti qora (klassik shim va yubka) boʻlgan kiyim;

2) maktab tomonidan avvalgi yillarda joriy etilgan va bugungi kunga qadar kiyishga yaroqlilikni saqlab qolgan forma;

3) Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori bilan tasdiqlangan oʻquvchilar uchun zamonaviy yagona maktab formalari.

Farzandingizni vazirlik tomonidan tavsiya etilgan variantlardan tashqari boshqa kiyim-kechaklarda hamda turli bosh kiyimlarda (taʼlim muassasasida oʻtkaziladigan turli tadbirlar jarayoni bundan mustasno) maktab hududida yurishi taʼlim muassasasining ichki tartib hamda odob-axloq qoidalarining buzilishiga olib keladi. Mazkur holat taʼlim muassasalarida oʻquvchi yoshlar oʻrtasida ijtimoiy tenglikni taʼminlashga qaratilgan.

Maktab direktorlari tomonidan maktab formasini markazlashgan holda oldi-sotdi ishlarini tashkil qilinishi qatʼiyan taqiqlanganligini sizga yana bir bor eslatib qoʻymoqchimiz.

Yangi oʻquv yilida farzandingiz bilan birgalikda bilim olish yoʻlida katta marralarga erishishingizda sizga zafarlar tilaymiz".


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?