Xoʻjandda Samarqand kunlari oʻtkazildi

15:25 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
277 0
Foto: B. Mustanov / “Xalq soʻzi”

Oʻzbekistonning eng qadimgi hududlaridan biridan kelgan va tarkibidan tadbirkorlar hamda madaniyat arboblari joy olgan delegatsiya Soʻgʻd viloyatida alohida izzat-ikrom bilan kutib olindi. Bu haqda “Xalq soʻzi” muxbiri voqea joyidan xabar qildi.

Mehmonlar tashrifi munosabati bilan folklor-etnografiya jamoalari tomonidan goʻzal konsert dasturi namoyish etib berildi. Mashhur qoʻshiqchilar shoʻx ashulalarni ijro etdi, mehmonlaru mezbonlar birgalikda raqsga tushishdi.

Foto: B. Mustanov / “Xalq soʻzi”

- Biz samarqandliklar bilan yangi uchrashuvni sabrsizlik bilan kutdik va oʻzbekistonliklarni bizning koʻhna zaminimizda koʻrib turganimizdan chin dildan xursandmiz, - dedi Soʻgʻd viloyati raisi oʻrinbosari Nazira Gʻafori. – Birgina shu yilning oʻzida Samarqand viloyatilik doʻstlarimiz bilan koʻplab unutilmas va iliq diydor koʻrishishlar boʻlib oʻtdi. Masalan, birgalikda Navroʻz bayramini nishonladik. Mana, hududimiz aholisini chin yurakdan quvontirgan yana bir uchrashuvga guvoh boʻlib turibmiz.

Foto: B. Mustanov / “Xalq soʻzi”

7-9 sentyabr kunlari Xoʻjandda tashkil etilgan Samarqand kunlari doirasida Soʻgʻd va Samarqand viloyati ishbilarmonlari ishtirokida biznes-forum, samarqandlik ishbilarmonlar va hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi ham oʻtkazildi. Mehmonlarning Tojikiston Respublikasi mustaqillik kuni munosabati bilan tashkil etiladigan tantanali tadbirlarda qatnashishi va Samarqand viloyati sanʼat ustalari tomonidan katta konsert dasturi berilishi bugungi kun dasturining eng asosiy voqealaridan biriga aylandi.

Eslatib oʻtamiz, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida joriy yil aprel oyida Samarqandda Soʻgʻd va Samarqand viloyati ishbilarmonlarining biznes-forumi boʻlib oʻtgandi. Ushbu tadbir davomida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda kengaytirishga qaratilgan qator bitimlar imzolangandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?