Xoʻja Orif Mohitobon ziyoratgohi yanada obod qadamjoga aylandi

11:03 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
153 0

“Yetti pir” silsilasiga mansub Xoʻja Orif Revgariy (Mohitobon) ziyoratgohi istiqlolimizning 28 yilligi ayyomi arafasida yanada obod maskanga aylandi.Prezidentimizning tegishli topshiriq va tavsiyalari asosida bu qadamjoda ulkan qurilish va obodonchilik yumushlari bajarildi.

Hazrat dahmasi taʼmirdan chiqarildi, bir paytning oʻzida 500 nomozxonni sigʻdira oladigan masjid, tahoratxona, muzey, minora, ayvonlar, darvoza hamda 80 oʻrinli “Poykent” mehmonxonasi barpo qilindi.6 gektar hududda bajarilgan 15 milliard soʻmga teng bunyodkorlik ishlaridan soʻng Shofirkon tuman markazidagi bu ziyoratgohda tantanali marosim oʻtkazildi.Unda Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi vakillari, “Nuroniy”, “Mahalla” fondlari faollari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.Viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev soʻz olib, ulugʻ bobokalonimiz mangu qoʻnim topgan maskanning obod etilishi yurtimizda diniy va milliy qadriyatlarimiz koʻz qorachigʻidek asrab – avaylanayotgani, Xoʻja Orif Mohitobonning maʼnaviy merosi keng targʻib qilinayotgani ifodasi ekanini taʼkidladi.Tabiiyki, bu kabi yumushlar yurtimizda ziyorat turizmi ravnaqiga ham hissa qoʻshadi.

Maʼlumot tariqasida aytish lozimki, bu qadamjo salkam toʻqqiz asrlik tarixga egadir.Ayni damda hazrat hayoti, u ilgari surgan gʻoyalarni oʻrganishga qiziqish katta.Qadamjoni har kuni oʻrtacha ikki ming nafar kishi ziyorat qilayotgani ham koʻp narsani anglatadi.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?