Xovosning yangi tarixi yozilmoqda: 17 kunda yangi tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi

10:55 11 Mart 2019 Jamiyat
572 0

Ayollar yuzidagi tabassum nainki oilalar, balki xalq hayotining ham oʻziga xos barometridir. Mamlakatimiz rahbari gʻoyasi bilan amalga oshirilayotgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi dasturlardan koʻzlangan murod-maqsad ham, avvalo, chekka-olis hududlardagi xotin-qizlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun yetarlicha shart-sharoit yaratishdan iborat.

Ayniqsa, xotin-qizlarni ham doimiy ish oʻrni, ham uy-joy bilan taʼminlashda oʻtgan yili oʻziga xos “Mirzachoʻl tajribasi” yaratildi: Mirzachoʻl tumani markazi — Gagarin shahri qisqa muddatda tanib boʻlmas darajada oʻzgartirildi. Xususan, eski barak kulbalar oʻrnida yangi zamonaviy uy-joylar qurilib, ularning katta qismi imtiyozli ipoteka krediti evaziga ijtimoiy himoyaga muhtoj, mehnatga layoqati cheklangan, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ajratildi. Bu ayollarning bandligini taʼminlash, ularning barqaror daromad topib, kredit toʻlashi uchun esa “Mirzachoʻl tikuvchilik majmuasi” barpo qilindi. Bu bilan 300 nafar xotin-qiz ham doimiy ish joyiga, ham oʻz uyiga ega boʻldi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mazkur “Mirzachoʻl tajribasi” mamlakatimiz miqyosida keng masshtabda tatbiq etilmoqda. Prezidentimiz shu yilning 19-fevral kuni Xovos tumaniga tashrif buyurib, Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishish asnosida “Mirzachoʻl tajribasi” asosida Xovos shaharchasining yangi markazini bunyod etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bor xotin-qizlarni ham doimiy ish, ham uy-joy bilan taʼminlash maqsadida viloyatda 32 ta tikuvchilik majmuasini tashkil qilish va shu asosda 4 ming 200 nafardan ziyod xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha topshiriq bergan edi.

Mamlakatimiz rahbarining bu ezgu tashabbusi qariyb 40 yildan beri eʼtibordan chetda qolgan, ogʻir-murakkab turmush tegirmonida qiynalib kun kechirgan xovosliklarni ruhlantirib, ularning kuchlariga kuch, gʻayratlariga gʻayrat qoʻshdi. Xovos eli uygʻondi. Shunga yarasha marra ham katta olindi.

“Guliston siti”dan keyin “Xovos siti” uchun ham tamal toshi qoʻyildi, ramziy qoziq qoqildi. Bu — viloyatda ikkinchi markaziy shahar qurilishiga asos solindi, degani. Xovosda oxirgi ellik yil davomida bironta ham koʻp qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Yangi markaz hududida esa 5 qavatli 30 ta turarjoy binosi, uylarning birinchi qavatida savdo doʻkonlari barpo qilinadi. Ikki sotixli 100 ta arzon uy-joylar, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktab, tibbiyot muassasasi, madaniyat saroyi va boshqa koʻplab maʼmuriy binolar qad rostlaydi.

Mana, bu loyihaning ilk natijasi ham boʻy koʻrsatdi: Xovos tumanining Bunyodkor mahallasidagi qarovsiz, tashlandiq, shoʻr bosgan joyda qisqa muddat — 17 kun ichida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan tikuv majmuasi yangidan barpo etildi. Buning natijasida mahalladagi 140 nafar xotin-qiz doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi.

“Sirdaryo baraka chevarlari” korxonasining ochilish marosimida taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbari gʻoyasi bilan Xovosning yangi tarixi yaratilmoqda, mazkur korxona esa ushbu bunyodkorlik solnomasining ilk mujdasidir.

Majmuaning barpo etilishi bilan tumandagi ish bilan band boʻlmagan xotin-qizlarning moddiy farovonligi oshadi. Shu tariqa ular imtiyozli ipoteka krediti evaziga “Xovos siti” hududidan qurilayotgan turarjoylar bilan taʼminlanadi. Yaʼni ayollar ham ishli, ham uyli boʻladi. Davlatimiz rahbari Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali marosimdagi nutqida taʼkidlaganidek, oʻzining uy-joyiga, ish oʻrniga ega boʻlgan har bir ayolning ortida oilasi, farzandlari, ota-onasi, yaqinlari borligini hisobga oladigan boʻlsak, qancha xonadonga quvonch kirayotgani, qancha odamning ruhi koʻtarilib, ularda hayotga, kelajakka ishonch paydo boʻlayotgani biz uchun eng muhim natijadir.

Korxona toʻliq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 8 million dona turfa tayyor mahsulotlar — sochiqlar, bolalar va kattalar kiyimlari, choyshablar ishlab chiqariladi. Mahsulotning 60 foizi eksportga, qolgani ichki bozorga yoʻnaltiriladi. Xom ashyo esa mahalliy korxonalardan olinmoqda.

Ayollarning ishli boʻlishi — sogʻlom oila, kuchli jamiyat barpo qilishning mustahkam asosidir. Ayniqsa, turmushning ogʻir zarbalariga uchragan, mehnatga layoqati cheklangan, murakkab ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning doimiy ish bilan taʼminlanishi ularning hayotiga yangi mazmun, katta maqsadlar olib kirmoqda.

Xovosda yangi tikuvchilik majmuasining barpo qilinishi katta bayramga aylanib ketdi. Xovos hayotida tom maʼnoda Navroʻz — yangi kun boshlandi. Tabiatga hamohang bugun Sirdaryoning eng olis-chekka hududlaridan biri Xovosda ham uygʻonish fasli boshlandi. Bunyodkorlik ruhi, ertangi nurli hayotga intilish odamlarni yangi-yangi marralarga undamoqda. Aslida ham bunyodkorlik madaniyati, obodlik zavqi, toʻkis-farovon sharoit insonni ham, xalqni ham ulgʻaytiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?