Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida

17:06 11 Mart 2019 Hujjatlar
464 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, mehnat huquqini kafolatlash va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining vazifalari qayta koʻrib chiqildi, tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitalari tuzilmasida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etildi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy boʻlinmalari, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi, shuningdek, “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etildi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlarini qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi yaratildi.

Shu bilan birga, xotin-qizlarning huquqlarini kafolatlash, tadbirkorlik sohasida samarali faoliyat yuritish mexanizmlarini yaratishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud.

Jumladan, uzoq muddat bola parvarishlash bilan band boʻlgan ayollarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha qayta tayyorlash borasidagi ishlar yetarlicha tashkil etilmagan.

Xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qoʻllab-quvvatlash, mehnat faoliyatini ragʻbatlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida:

1. Belgilab qoʻyilsinki, 2019 yil 1 maydan:

ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qoʻllash boʻyicha taqiqlar bekor qilinadi;

tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sogʻligʻiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan soha yoki kasblar roʻyxati tasdiqlanadi;

bola parvarishlash taʼtilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qoʻshimcha bir oy nafaqa toʻlanadigan bola parvarishlash taʼtili beriladi;

ikki yoshga toʻlmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;

ayollarning pensiya yoshiga toʻlganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlanadi;

erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bogʻliq ishlarning sudlarda koʻrib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanadi.

2. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qoʻmitalari koʻmagida nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega boʻlgan xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarini (keyingi oʻrinlarda markazlar deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

3. Quyidagilarni markazlarning asosiy vazifalari etib belgilash tavsiya etilsin:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda uzoq muddat bola parvarishlash taʼtilida boʻlgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar boʻyicha qayta tayyorlash va ularning ishga joylashishiga koʻmaklashish;

tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashish;

ayollarning oʻz biznesini tashkil etish va yuritish koʻnikmalarini shakllantirish, biznes gʻoyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berish, shu jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini tanlash va qoʻllash, buxgalteriya hisobini yuritish, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻqitishni tashkil etish;

zarur hollarda faoliyatini boshlayotgan tadbirkor xotin-qizlarga mahallalardagi boʻsh turgan binolardan joy ajratilishiga koʻmaklashish;

tadbirkor ayollarga va tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etishda zarur maslahatlar berish va amaliy yordam koʻrsatish, shu jumladan, ishonchli hamkorlarni topish, minitexnologiyalar va uskunalar sotib olishda koʻmaklashish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga koʻmaklashish;

norasmiy faoliyat yuritayotgan hunarmand ayollarga roʻyxatdan oʻtish, “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishda hamda imtiyozli kredit olishda amaliy yordam koʻrsatish.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

markazlar biznes-inkubator shaklida xotin-qizlarning tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi;

markazlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va asosiy vazifalari amalga oshirilishi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga tijorat banklariga imtiyozli kredit ajratish uchun berilgan resurslardan hisoblangan foizdan kelib tushgan mablagʻlar (bank marjasidan tashqari) hamda xalqaro tashkilotlar grantlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi; 

tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan xotin-qizlar tuman (shahar) hokimi va tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan shakllantiriladigan roʻyxat asosida maxsus oʻqitish dasturi boʻyicha oʻqitiladi;

maxsus oʻqitish dasturlarini muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan xotin-qizlar orasidan tegishli tuman (shahar) Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi tavsiyasiga koʻra tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga 6 oylik imtiyozli davr va yillik 8 foiz stavkada imtiyozli kreditlar hududlarda aholi bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishni kreditlash tartiblari asosida ajratiladi;

Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tijorat banklariga har yili ajratiladigan 100 milliard soʻm resurs mablagʻlari imtiyozli kredit mablagʻlarining manbasi etib hisoblanadi. Mazkur resurs mablagʻlarining kamida 50 foizi qishloq joylarida istiqomat qiladigan xotin-qizlarning biznesini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi bir oy muddatda kredit olish uchun tavsiya berish jarayonining adolatli va shaffofligini taʼminlovchi tartibni tasdiqlasin.

5. Xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi koʻmagidagi Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish boʻyicha komissiya 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

6. Quyidagilar Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish boʻyicha komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

mamlakatda gender tenglikni taʼminlashga va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ayollarning gender tengligi buzilishiga oid murojaatlarini koʻrib chiqish;

kasbiy segregatsiya, ish haqi oʻrtasidagi farq, aholining iqtisodiy faol qatlami orasida ayollarning ulushini koʻpaytirish masalalari boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

ayollarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash va samarali amalga oshirilishini taʼminlash hamda keng qamrovli targʻibot ishlarini tashkil etish.

7. Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Adliya vazirligi va Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

gender tenglik tushunchasi va turlari;

vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari;

davlat boshqaruvida ishtirok etish, ishga qabul qilish yoki yollash, kredit olish va tadbirkorlik bilan shugʻullanishda gender tenglikni taʼminlashga oid normalar;

gender tenglik buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek, bunday buzilishga olib keladigan qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik;

b) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

maishiy, ish joyidagi va taʼlim muassasalaridagi tazyiq va zoʻravonliklar turlari;

vakolatli organlarning vazifalari va funksiyalari;

tazyiq va zoʻravonliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik;

sudgacha va sud jarayonida tazyiq va kamsitishlarga duchor boʻlgan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan protsessual kafolatlar.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Xotin-qizlar qoʻmitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud, Markaziy bank, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2-ilovaga muvofiq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Statistika komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan minimal gender koʻrsatkichlar va boshqa maʼlumotlarning “Gender.stat.uz” veb-saytiga joylashtirilishini va maʼlumotlar doimiy ravishda yangilanib borilishini taʼminlasin.

9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda markazlarni barcha sharoitga ega boʻlgan xizmat xonalari bilan taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Adliya vazirligi hamda Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlarini xotin-qizlarning mehnat va tadbirkorlik huquqlari kamsitilishi holatlari mavjudligi nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilib, tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T. K. Norboyeva zimmasiga ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtirish yuzasidan;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari E. M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. U. Umurzoqov zimmasiga Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish boʻyicha komissiya bilan hamkorlikda ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar va loyihalarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlari, birinchi navbatda, ayollarni qoʻllab-quvvatlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning texnik koʻmak vositalari va kreditlarini jalb qilish boʻyicha doimiy va tizimli ravishda zarur tashkiliy-amaliy choralar koʻrish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T. K. Norboyeva va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 7 mart


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?