Xotin-qizlarning xayrli ishlari eʼtirof etildi

14:10 07 Mart 2020 Siyosat
229 0

Toshkentda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri davom etmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tantanadagi nutqida haj ziyorati uchun yiqqan mablagʻini mahalladoshlariga begʻaraz yordamga sarflagan rishtonlik tadbirkor Izrabu Usmonova, qishloq ahli uchun oʻz hisobidan “Mumtoz” nomli katta kutubxona barpo etgan sayxunobodlik Gavhar Husanova, 32 yoshida Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi nufuzli Kolumbiya universitetining professori boʻlgan Aziza Shonazarova kabi xotin-qizlarning xayrli ishlari va faoliyatini alohida taʼkidladi. Bayram ishtirokchilari birgalikda ularni olqishlab, chuqur hurmat va tashakkurlarini bildirdi.

Ayollarning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, salomatligini mustahkamlash, ular oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar hamda erishilayotgan natijalar xususida ham soʻz yuritildi.

Davlatimiz rahbari qizlarni eng goʻzal fazilatlar, bilim va odob sohibalari etib tarbiyalash juda ulugʻ va sharafli masʼuliyat ekanini taʼkidladi. Yangi tashkil etilgan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, koʻpni koʻrgan nuroniylar, xotin-qizlar faollari, hurmatli muallima va murabbiyalar bu savobli ishga ulkan hissa qoʻshishiga umid bildirildi.

Shavkat Mirziyoyev shu ezgu ishlarimizga kamarbasta boʻlib, yosh qizlarni taʼlim-tarbiya qiladigan haqiqiy murabbiylarga keyingi yil 8-mart bayramidan boshlab har yili, har bir viloyatdan ikki nafar eng munosib vakilni davlat mukofoti bilan taqdirlashni taklif etdi. Yigʻilganlar buni olqishlar bilan qoʻllab-quvvatladi.

 



Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?