Xotin-qizlarning iqtisodiyot va biznesdagi oʻrni yetarlimi?

15:30 26 Sentyabr 2019 Jamiyat
119 0

Samarqand shahri va Bulungʻur tumanida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari huzuridagi Zoʻravonlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarining xodimlari uchun seminar-trening boʻlib oʻtdi.

Bu haqda Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati maʼlum qildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish komissiyasi tomonidan Fransiyaning Oʻzbekistondagi Elchixonasi hamda Fransiyaning Texnik hamkorlik qilish va rivojlantirish agentligi (AKTED) koʻmagida “Xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va ularning mehnat faolligini oshirish orqali xotin-qizlar rolini kuchaytirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda taʼkidlanganidek, xotin-qizlar va erkaklar tengligiga erishish jamiyat hamda davlatning barqaror taraqqiyotini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Soʻnggi vaqtda jahonda, ayniqsa, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda gender muammolariga katta eʼtibor qaratilayotganligiga qaramay, salohiyatga nisbatan va hozirgi zamon jamiyati ehtiyojlarini qondirish nuqtayi nazaridan xotin-qizlarning iqtisodiyot va biznesdagi oʻrni yetarli emas. Xotin-qizlarning kasbiy va ishchanlik faoliyatini kuchaytirish koʻp jihatdan ularni qoʻllab-quvvatlash va ularga yaratib berilayotgan shart-sharoitlarga bogʻliq.

Aynan shu sababli bugun Oʻzbekistonda davlat tomonidan xotin-qizlarning oʻz imkoniyatlarini ishga solishi, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun koʻmaklashishiga katta eʼtibor berilmoqda. Bunda zoʻravonlikdan jabr koʻrgan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga, ularning normal hayotga qaytishi uchun shart-sharoitlar yaratishga va ijtimoiy moslashuvini davom ettirishiga alohida urgʻu qaratilmoqda.

Ushbu seminar ham buning yaqqol tasdigʻi boʻldi. Seminarning maqsadi zoʻrlik ishlatilishidan jabr koʻrgan ayollarni yuridik qoʻllab-quvvatlash va ularga oʻz huquqlarini himoya qilish jarayonida koʻmaklashish uchun Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi huzurida tashkil etilgan Zoʻravonlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarining salohiyatini oshirishdan iborat. Bundan tashqari, seminar-trening Fransiya va Oʻzbekiston oʻrtasida bu yoʻnalishdagi ilgʻor tajriba almashishga qaratilgan.

Seminar-trening davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?