Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash ustuvor vazifalardandir

00:38 02 Fevral 2019 Jamiyat
947 0

Oʻzbekiston Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinganiga bir yil toʻldi.

Shu munosabat bilan 1 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining anjumanlar zalida Farmon ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar va kelajakdagi vazifalar belgilab olindi. Bu haqda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova xabar berdi.

Aytish joizki, Farmonga asosan, ijtimoiy ogʻir ahvoldagi ayollarni himoya qilish xotin-qizlar tizimining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshdi, ularning bandligini taʼminlash masalasi yangi bosqichga koʻtarildi, huquqiy ongi va madaniyati yuksaldi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari faoliyati tubdan oʻzgartirilib, aniq vazifalar belgilab olindi.

Xususan, Farmon doirasida Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini tashkiliy-huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 4 ta qarori, Hukumatimizning 6 ta qarori, 4 ta farmoyishi va 12 ta chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.

Yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning barcha sohada teng huquqli mehnat qilishining huquqiy asoslari yaratilgan.

2018 yilda respublika boʻyicha 47 ming nafarga yaqin ogʻir turmush sharoitida yashayotgan, shundan 14 ming 600 nafar nogironligi boʻlgan xotin-qizlarning roʻyxatlari shakllantirilib, ular bilan manzilli ishlar olib borildi.

Ularning 14 ming nafariga tibbiy yordam koʻrsatildi, 13 ming 500 nafarining bandligi taʼminlandi, 22 ming nafariga 21 mlrd. soʻmlik miqdordagi moddiy yordamlar berildi.

Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan 1 ming 464 nafar ogʻir turmush sharoitida yashayotgan hamda nogironligi boʻlgan xotin-qizlarga arzon uy-joylar uchun 54,6 mlrd. soʻm boshlangʻich badal pullari toʻlab berildi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida Qoʻmitaga xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ayniqsa, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 13 ming nafar xotin-qizni ish bilan, 1600 nafar xotin-qizni uy bilan taʼminlash vazifasini topshirdi. Qoʻmita tomonidan bu borada aniq rejalar belgilanib, amaliy ishlar olib borilmoqda.

Fond mablagʻlaridan har yili 1600 nafar ayolga uy-joy summasining boshlangʻich badallarini shakllantirishga amaliy yordam beriladi.

Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi uchun ajratilayotgan mablagʻlardan nogironligi boʻlgan xotin-qizlarga moddiy yordam koʻrsatish, ularni reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻriladi.

Taʼkidlash kerak, 2018 yilda bandlik dasturlari asosida yaratilgan ish oʻrinlariga xotin-qizlar qoʻmitalari va aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan uyma-uy yurish orqali aniqlangan 245 ming nafar ishsiz xotin-qizlar ishga joylashtirildi. Mahallalar kesimida manzilli roʻyxatlar shakllantirilib, alohida dastur asosida 10 ming nafarga yaqin ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollar bandligi taʼminlandi va bunga 38 mlrd. 261 mln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Bugun hududlarda 159 ta Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari ishlab turibdi.

Xotin-qizlar qoʻmitasining respublika boʻyicha yagona qisqa raqamli (1146) “Ishonch telefoni” tashkil etilib, xotin-qizlarning murojaatlarini har kuni 24 soat davomida qabul qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kungacha bu orqali 12 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushdi.

Oʻtgan yilda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi markaziy apparatiga jismoniy va yuridik xotin-qizlardan jami 7296 ta murojaat kelib tushgan. Shuningdek, yil davomida haftaning har payshanba kuni qoʻmita raisi tomonidan 803 nafar fuqaro qabul qilingan, “sayyor qabul”lar doirasida 1870 nafar fuqaroning muammolariga yechim topilgan.

Respublikamizda xotin-qizlar jinoyatchiligini kamaytirish boʻyicha olib borilgan profilaktik ishlar natijasida xotin-qizlar jinoyatchiligi 2017 yilda 11 foiz kamaygan boʻlsa, 2018 yilda 35,7 foiz kamayishiga erishildi.

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud jarayonlarida qoʻmita vakillarining ishtirokini taʼminlash tizimi joriy etilishi tufayli 2018 yilda 113 nafar jinoyat va 780 nafar huquqbuzarlik sodir etgan xotin-qiz kafillik asosida jazodan ozod etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?