Xotin-qizlarga zoʻravonlikning koʻpayishi matbuotning erkinlashishi bilan bogʻliqmi?

11:33 23 Avgust 2019 Siyosat
403 0

Ziyoda Ashurova, Munisxon Karimova/ “Xalq soʻzi”- Online. Kun tartibidagi yana bir masala senatorlar tomonidan qizgʻin muhokama qilindi.

“Xotin-qizlarni tazyiqlar va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning dolzarbligini izohlash uchun hozirgi kunda koʻpchilik eʼtiborini tortuvchi internet nashr va saytlarini koʻzdan kechirishning oʻzi kifoya, deya eʼtirof etdi senator Zayniddin Nizomxoʻjayev.

Chunki aksariyat xabarlar ayollarga nisbatan zoʻravonlik holatlari haqida ekanligiga guvoh boʻlamiz. Deyarli har kuni ushbu muammoga oid inson qalbini larzaga keltiradigan xabarlar internet sahifalarini egallaydi.

Bunday faktlar dunyo axborot tarmoqlarida keng tarqalib, mamlakatimizda inson huquqlari borasida olib borilayotgan harakatlarni qadrsizlantirayapti.

Oʻz oʻzidan savol tugʻiladi: xotin qizlarga tazyiq va zoʻravonlik yaqindan beri avj oldimi yoki bu avvaldan mavjud edimi?

Albatta, bu kabi faktlarning koʻpayishi matbuotning erkinlasha boshlagani bilan bogʻliq. Zoʻravonlik illati haqida uzoq vaqt mamlakatimizda hech nima deyilmadi va bugun bu toʻgʻrisida ochiq gapirilmoqda.

Ushbu ijtimoiy muammoning ogʻir oqibatlari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy jarayonlarga salbiy taʼsiri sezilarli darajada ekanligi bilan hammamizni xavotirga solmoqda.

Odatda bizda ayollar bunday holatga duch kelgan taqdirda, hatto yaqinlariga ham aytishmaydi, qoʻrqishadi yoki istihola qilishadi. Ammo bu vaziyatni oʻzgartirish vaqti keldi.

Qonunda Xotin-qizlarga nisbatan tazyiqlar va zoʻravonlikning oldini olishga doir chora-tadbirlar va ularni qoʻllash uchun asoslar aniq koʻrsatib berilgan.

Qonunning maʼqullanishi aynan mana shu holatning oldini olishga va Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imiji oshishiga xizmat qiladi. Qonun ayollarga nisbatan zoʻravonlikni oldini olishga va unga chek qoʻyilishiga huquqiy asos yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?