Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi

18:08 20 Noyabr 2020 Siyosat
197 0

Oliy Majlis yuqori palatasining yettinchi yalpi majlisida Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi.

Bugun, 20-noyabr kuni boʻlib oʻtayotgan Senatning toʻqqizinchi yalpi majlisida ushbu parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va yana-da rivojlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, biznes yuritishlari uchun qulay muhit va keng imkoniyatlar hamda kafolatlar berish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayollarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish – ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarning eng muhim jihatlaridan biri. Xususan, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yana-da qoʻllab-quvvatlash maqsadida uzoq muddat bola parvarishida boʻlgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar boʻyicha qayta tayyorlash ishlari olib borilgan. Shuningdek, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirganlariga koʻmaklashilib, biznes gʻoyalarini tayyorlashda konsultativ yordam berilgan. Natijada joriy yilda 99,1 ming nafar ish bilan band boʻlmagan xotin-qizlarning bandligi taʼminlangan, 11,5 ming nafari mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitilgan. Ish bilan band boʻlmagan xotin-qizlarning 412,1 ming nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar sohada oʻzining yechimini kutayotgan bir qator muammolar mavjudligini taʼkidladi.

Xususan, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun ularning tijorat banklari kredit resurslaridan foydalanishida ham bir qator muammolar mavjudligi aniqlandi.

Jumladan, 2020-yilda Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi tomonidan tegishli kredit resurslari yoʻnaltirilgan. Ammo aksariyat hollarda, tadbirkor ayollarga Jamgʻarma tomonidan ajratilgan mablagʻlar tijorat banklari tomonidan oʻz vaqtida berilmagan.

Senatorlar tomonidan qayd etilganidek, parlament soʻrovida koʻtarilgan ayrim muammoli masalalar Vazirlar Mahkamasining maʼlumotida toʻliq yoritilmagan. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan tashkilotlarning samarali hamkorligini taʼminlash, ishsiz va ijtimoiy faol boʻlmagan xotin-qizlar qatlamini aniqlash va ularning bandligini taʼminlash boʻyicha tasdiqlangan manzilli chora-tadbirlarning amalga oshirilishi kabi masalalar shular jumlasidan.

Yalpi majlisda sohada mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish lozimligi alohida taʼkidlandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?