Xotin-qizlar qoʻmitasi aralashgach, onasi vafotidan keyin tazyiq ostida voyaga yetayotgan Shukronaning hayotida yorugʻ kunlar boshlandi

15:24 18 Sentyabr 2019 Jamiyat
653 0

“Ota-ona (ulardan biri)... ota-onalik huquqini suiisteʼmol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada boʻlsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy taʼsir koʻrsatsa... ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin”. Oila kodeksining 79-moddasidan.

Farzand — umr chirogʻi. Shu bois oilada, qizdir-oʻgʻildir, bola tugʻilsa, otaning qaddi koʻtariladi, onaning dili shod boʻladi. Hayot davomchisi borligidan Yaratganga shukrona aytadilar...

Shofirkonlik Shukrona Shodiyeva dunyoga kelganida uning xonadonida ham baxt sarmast kezgani, ota-onaning koʻnglidan xuddi shu tuygʻular kechgani bor gap. Shiringina chaqaloqqa Shukrona deb ism qoʻyilganining oʻziyoq bu fikrni tasdiqlab turibdi axir. Ammo...

Ammo ne tongki, bu sinovli hayot nafaqat saodat onlarini, balki ayriliq va nadomat fursatlarini ham birdek taqsimlar ekan odamizodga... Zero, bizning bugungi qahramonimiz boʻlmish 9 yasharlik qizaloqning hayotidagi dolgʻali kunlar ham onasi vafot etganidan boshlangan edi. Xullas...

Yaqinda Buxoro viloyati xotin-qizlar qoʻmitasi Shofirkon tumanida necha yillar mobaynida davom etib kelgan voyaga yetmagan bolaga nisbatan zoʻravonlikka — uy zoʻravonligi kabi dahshatli voqeaga chek qoʻydi.

Maʼlum boʻlishicha, 1951-yilda tugʻilgan Dilmurod Shodiyev qizi, voyaga yetmagan Shukrona Shodiyevani muntazam kaltaklab, xotini (Shukronaning oʻgay onasi) bilan birgalikda unga tan jarohatlari yetkazib kelgan. Qizcha muntazam ravishda och qoldirilgan, har kuni qoʻshnilarning uylariga kirib, ulardan yeyishga non soʻrab yurgan. Bundan tashqari, qizchaga muntazam ravishda psixologik taʼsir oʻtkazilgan, yaʼni otasi uni nogiron qilish va bu nogironlik uchun kelajakda nafaqa puli olish maqsadida doimiy ravishda qizining tanasiga turli ogʻirlikda shikast yetkazishga uringan. Hatto uni bunday holatlarni oʻzi sodir etishga, yaʼni oʻz badanini oʻzi jarohatlashga ham undagan. Shukronani bir necha marotaba qoʻshnilar uyi yaqinida oqib oʻtadigan kanal yoqasidan topib olib kelishgan. Qizchaning aytishicha, otasi unga oʻzini kanalga tashlashni buyurar ekan. Psixologik zoʻriqqan qizcha esa otasini koʻrgandan mum tishlab, “zombi“ holatiga tushib qolar va u nima desa, oʻshani bajarardi...

Muntazam kaltaklar zarbidan hatto peshobini ham tutib turolmaydigan holga kelgan Shukronaning taqdiriga na qoʻshnilar va na qarindosh-urugʻlar aralasholmaganiga nima deysiz?! Dilmurodning agressivligi va jahldorligi bois bironta ham odam bu oila bilan “sen-men”ga borishni istamasdi. Shu boisdan bu uyda yuz berayotgan bu dahshatli voqeadan qoʻni-qoʻshnilaru qarindosh-urugʻlar xabardor boʻlishsa-da, Shukronaning yonini olishga biron kimsa yurak yutib botinolmagan.

Biroq Shofirkon tumanidagi “Mahallaqozi“ mahalla fuqarolar yigʻinining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassisi Halima Halimovagina mazkur vaziyatga befarq qarab turolmadi. Qanday qilib boʻlsa-da, Shukronani bu dahshatlar ichidan chiqarib olishga jon-jahdi bilan intildi. D.Shodiyevning tinimsiz tahdidlariga qaramay, Halima opa bu vaziyatni viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi va Shofirkon tumani xotin-qizlar qoʻmitasi yordamida ijobiy hal qildi.

Buxoro viloyati xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Firuza Ibragimovaning saʼy-harakatlari bilan Shukrona avval Shofirkon tumani kasalxonasiga, soʻng (otasining tahdidlari sababli) Buxoro viloyati bolalar shifoxonasiga joylashtirildi. Qizcha bu yerda davolandi, onasi vafot etganidan beri ilk marotaba toʻyib ovqatlandi hamda anchadan beri birinchi marta badaniga sovun tegib yuvindi (afsuski, yillar mobaynida uni oʻz uyida choʻmiltirishmagan, kasalxonaga olib kelinganida qizcha oʻta ayanchli ahvolda edi. Etika normalaridan kelib chiqqan holda, biz qizchaning kaltaklangan va ayanchli ahvoldagi rasmlarini toʻliq joylashtira olmaymiz!)

Muntazam koʻrik hamda izchil muolajalardan soʻng bugun Shukrona ancha oʻziga kelib qolgan.

Buxoro viloyati xotin-qizlar qoʻmitasi talabi bilan sud-medekspertiza xulosalari Shofirkon tumani sudiga taqdim qilindi va Shofirkon tumani xalq taʼlimi hamda Vasiylik va homiylik organlari tomonidan ham Dilmurod Shodiyevni otalik huquqidan mahrum qilish haqida soʻrovnoma kiritildi.

12-avgust kuni Shofirkon tumani fuqarolik sudi sudga taqdim etilgan barcha dalillar hamda Oila kodeksining 79-moddasi 3-bandiga asoslanib, fuqaro D.Shodiyevni otalik huquqidan mahrum qilish xususida hukm chiqardi.

Hukmga binoan, Sh.Shodiyeva Buxoro shahridagi 32-sonli Mehribonlik uyiga joylashtirildi. Bundan tashqari, bola foydasiga Oila kodeksining 99-moddasida belgilangan miqdorda aliment (nafaqa puli) undiriladigan boʻldi.

Shu bilan birga, Shukronaning oʻgay onasi boʻlmish Oygul Sherdonovaga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1 va 2-qismlari, yaʼni qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

Ayni kunlarda Shukrona Shodiyevani Buxoro shahridagi 32-sonli Mehribonlik uyiga joylashtirish ishlari olib borilmoqda. Qizcha oʻzini juda yaxshi his qilyapti. Viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi mutasaddilari hamda yaxshi odamlar tufayli Shukronaga maktab uchun barcha kerakli anjomlar, kiyim-kechak va boshqa zarur narsalar taqdim qilindi.

Shukrona yana kulishni boshladi. Murgʻak va sof qalbini hammaga birdek ochadigan bu qizaloq mehrga tashna boʻlganligi sababli barcha koʻrgan ayollarini “ona”, erkaklarni esa “dada” deb ataydi. Kattalar ham unga ijobiy javob qaytarishadi.

Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi bir murgʻak qizaloqning hayotiga befarq boʻlmagan, boshqalar kabi loqaydlik toʻnini kiymagan Shofirkon tumanidagi “Mahallaqozi” mahalla fuqarolar yigʻinining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassisi Halima Halimovaga hamda Buxoro viloyati xotin-qizlar qoʻmitasi mutasaddilariga, shuningdek, barcha hamkor tashkilotlarga minnatdorlik bildiradi.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?