Xoʻrozqand Oʻzbekistonniki boʻlsin!

13:06 16 Oktyabr 2020 Jamiyat
204 0

Illyustrativ foto

Nima desangiz deng, odamning oʻz tiliga munosabati uning maʼnaviyatini belgilaydi! Millat birligi va yakdilligining timsoli ham – shu til. Millatning millat boʻlishida ayni mana shu haqiqatga mos harakat yotadi, aslida.

Bizda 130 dan ortiq millat va elat yashasa-da, ularni tilimizni oʻrganib, undan foydalanishi millatimizning maʼnaviy yutugʻi degani.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024-yillarga moʻljallangan saylovoldi dasturida belgilangan bir qator tashabbuslar hukumat tomonidan maʼqullanib, amaliyotga tatbiq etilayotganini eʼtirof etadiganlar koʻp. Masalan, shu yilning 10-aprel sanasida Prezidentimiz tomonidan “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonun imzolanishi ham bizning tashabbusimiz ila! Shuningdek, bugun xorijdagi oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan yoshlarimiz uchun oʻzbek tili darsi boʻyicha alohida soatlar ajratilishida xam partiya hissasi katta.
Ammo oʻzbek tilidagi maʼlumotlar bazasini kengaytirish, xorijiy tillardagi ilmiy-amaliy va kasbga oid kitoblarni oʻzbek tiliga tarjima qilish amaliyotini koʻpaytirish, Oʻzbekistondan tashqarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz, ularning oʻzbek tili va madaniyatiga boʻlgan hayotiy ehtiyojlarini oshirish yoki qondirish, milliy va xalqaro anjumanlarda oʻzbek tilida maʼruzalar qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish masalalari birgina partiya gardanida emasligini koʻpchilik tushunsa kerak.

Yaqinda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Shavkat Mirziyoyevning tarixda birinchi marta ushbu minbarda oʻzbek tilida nutq soʻzlagani har birimizning qalbimizda oʻzgacha gʻurur uygʻotgani rost-ku, toʻgʻrimi?

Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 30 yil toʻldi, mana. Ammo afsuski, tilimizni buzib ishlatish, koʻchalar, peshtoqlardagi reklama vositalari yozuvlariga hamon beeʼtibor tarzda, panja ortidan qarayotganimiz ham haqiqat! Uning xatoliklarini toʻgʻrilashga reklama beruvchi, oʻrnatuvchi ham masʼul emasmi, degimiz keladiyu… Afsuski, oramizda hanuzgacha yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mohiyatini, chunonchi, tilimiz – oʻzligimiz ekanini tushunmayotganlar “qoplab” topiladi.

Qonun bor, moddalar belgilangan. Biroq, nega ularning ijrosini taʼminlashga qiynalyapmiz? Nega “qiynalyapmiz” deyapmiz? Chunki, “Milliy tiklanish” til boʻyicha “boshqalar”ning masʼuliyatsizligi, xatosi yo kamchiligini yuziga qarab tanqid qilgandan koʻra, “Qoʻlingni ber, birga kurashamiz”ni ustun biladi! Zotan, shu masalada birdam boʻlib kurashmasak, oʻzligimizni boy berib qoʻyishimiz hech gap emas.

Aksariyat davlat hujjatlari quyi tashkilotlarga rus tilida kelyapti ekan, demak, kurashishni “tepadan” boshlab, hujjatlarning oʻzbek tilida yozilishini taʼminlash zarur ekan-da?! Yana, chala yozuvdagi lugʻatlarni qayta koʻrib chiqishni ham maqsadga muvofiq deb bilamiz. Bu borada ham partiyamiz tashabbus koʻrsatib, joriy yil oʻzbek tili izohli lugʻatining besh tomli yangi nashri taqdimotini oʻtkazishga erishdi.

Shu oʻrinda Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirini tilga olsak!

Bir qancha muddat ilgari vazir rus va ingliz tillarini yana-da takomillashtirish ona tili, tarix fanlarining qisqartirilishi hisobiga amalga oshirilishi kerak, degan maʼnodagi fikrni aytgan edi, eslasangiz. Ochigʻi, vazir janoblarining bu gapi “yemasa” kerak degan oʻyda edim. Lekin kuni kecha Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov AQSHning USAID va Rossiyaning Maorif vazirligi (vazir oʻrinbosari Dmitriy Glushko) bilan kelishuvlar imzolashi yuqoridagi “yengil taklif”ning hayotga kelishini taʼminlab qoʻydi-yov!

Toʻgʻri, til bilgan el bilar, lekin, ammo, biroq Ona tilimiz darajasini eplab koʻtarolmayotgan bir vaziyatimizda bu xorijiy tillar targʻibotini “kiydirib” qoʻyish qanchalik maʼqul?! Bilasizmi, uzoq-yaqin tariximizda darveshlarning nolishida shunday soʻzlar uchragan: «Lakalum-lum, lakalum-lum, kimga maʼlum, kimga nomaʼlum…».
Koʻplab ota-onalarning maqsadlarini tushungim keladiyu, ammo yana jahlim chiqadi. “Qoʻyingni sot, molingni sot, lekin farzandingni rus maktabiga ber”, zamirida ish qilishmoqda, hozir. Ruschani bilib oʻssa, ertaga yaxshi boʻladi, oʻzbekchani shundoq ham bilib oladi, degan notoʻgʻri ovunchi kun kelib, oʻsha ota, oʻsha onaning oʻziga “tarsaki” boʻlib, bolasidan qaytmasaydi.

Baʼzi yoshlarimizdagi achinarli holat esa, oʻzbek-ku ammo oʻzaro rus tilida muomalada boʻlishadi va buni zamonaviylikka yoʻyishadi.
Partiyamiz yetakchisi A.Qodirov fikrini ulashsam. – “Til oʻrgatamiz deb yoshlarimizni boy berib qoʻymaymizmi? Menimcha, 1-5 sinflarda ona tili, adabiyot, tarix va tarbiya fanlariga mutlaqo ustunlik berish, xorijiy tillarni ikkilamchi oʻrgatish, 6-sinfdan boshlab esa xorijiy tillarga ustuvorlik berish toʻgʻri yoʻl boʻladi. Bizning asosiy maqsadimiz xorijiy tillarni biladigan bolalarni tarbiyalash emas, davlatimiz va millatimizni rivojlantiradigan avlodni tarbiyalash boʻlishi kerak. Ular albatta, bir nechta xorijiy tillarni yaxshi biladigan boʻlishadi”.

Vatanini, tilini qadrlovchi va boshqa yurtdoshlarim! Yangilanib borayotgan Oʻzbekistonda hamma narsani oʻz nomi bilan aytish vaqti kelganini Prezidentimiz bot-bot taʼkidlayotgani bejiz emas. Boʻlayotgan oʻzgarishlar, oʻzgarishlarimiz ham oʻzidan-oʻzi boʻlmayapti. Buning mohiyatini, beradigan natijasini koʻraylik, koʻra bilaylik axir! Biz ertangi taqdirimiz oʻzimizning qoʻlimizda boʻlishi uchun ham bugun ha, bugun uzoqni koʻra bilaylik, koʻzni kattaroq ochaylik, fidoyi boʻlaylik, vatanparvar boʻlaylik!

Abror XUSAINOV,
OʻzMTDP Fargʻona viloyati kengashi matbuot kotibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?