Xorijliklar yurtimizdagi mehnat munosabatlarini yuqori baholashdi

17:15 09 Oktyabr 2018 Jamiyat
247 0

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi bilan hamkorlikda Butunjahon munosib mehnat kuniga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Taʼkidlanganidek, XMT tomonidan ilgari surilgan Munosib mehnat konsepsiyasi asosida aholi barqaror bandligini taʼminlash, xodimlarni mehnat shartnomalari bilan qamrab olish, qulay va xavfsiz mehnat sharoiti yaratish, ijtimoiy sugʻurta va ijtimoiy himoyaning samarali tizimlarini rivojlantirish, mehnatkashlarning kasaba uyushmasiga birlashish huquqini roʻyobga chiqarimsh, jamoa muzokaralari yuritish va shartnomalarini tuzishga qaratilgan izchil saʼy-harakatlar olib borilayotir.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida imzolangan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir Bosh kelishuv bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 6 million 150 mingdan ortiq aʼzoga ega boʻlib, mamlakat miqyosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini qamrab olgan 40 mingdan ortiq boshlangʻich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyat koʻrsatmoqda.

Tadbirda sohaga doir milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, munosib mehnatni taʼminlash borasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Shu mavzudagi davra suhbatlari respublikamizning barcha hududida oʻtkazildi.

Zokir XUDOYSHUKUROV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?