Хorijlik jurnalistlar “Navoiy” EIZga tashrif buyurdi

17:18 20 Iyun 2019 Iqtisodiyot
181 0

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtgan xorijlik jurnalistlardan bir guruhi “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan tanishishdi.

Mazkur safar Respublika Tashqi ishlar vazirligi, Navoiy viloyat hokimligi hamda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi tomonidan tashkil etilib, unda Afgʻonistonning “Arezu Radio TV”, Buyuk Britaniyaning “Reyter” IA, Eronning “Fars news” IA, Qozogʻistonning “Kazinform” XIA, “Xabar” IA hamda “Kursiv” gazetasi, Xitoyning “Sinxua” IA va “Szinszi Jibao” gazetasi, Qirgʻizistonning “Kabar” IA, Rossiyaning “TASS”, “Sputnik”, “Interfaks”, “Fergana.Ru”IAlari, Turkiyaning “Anadolu” IA va “TRT” teleradiokompaniyasi va mamlakatimizning “Jahon” informatsiya agentligi ijodiy guruhlari ishtirok etdilar.

Jurnalistlar dastlab “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan investitsion loyihalar, bu yerda xorijlik investorlar uchun yaratilgan qulaylik hamda imtiyoz va imkoniyatlar, hududning investitsiyaviy jozibadorligi bilan yaqindan tanishdilar.

- EIZda mahsulotning eksportbopligi, import oʻrnini bosuvchanligi, innovatsion yangiligi va ishlab chiqarishning yuqori texnologiyaga asoslanganligi asosiy mezonlar etib belgilangan, - deydi oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashgan Afgʻonistonning “Arezu Radio TV” muxbiri Abid Ahmad Basir. – Mazkur mezon barcha erkin iqtisodiy zonalarga xos va u albatta oʻz samarasini beradi. Shuningdek, investorlarga taqdim etilgan infratizim hamda energiya resurslari havas qilgulik darajada.

Shuningdek, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida matbuot anjumani oʻtkazilib, viloyat hokimligi, viloyat bojxona boshqarmasi, EIZ direksiyasi hamda “Navoiy” Xalqaro aeroporti maʼmuriyati mutasaddilari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar.

- Matbuot anjumanida “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasiga soʻnggi ikki yilda oldingi toʻqqiz yilga nisbatan koʻp investitsiya jalb etilganligi taʼkidlandi, - deydi“Fars news” IA muxbiri Sherali Avezmatov. – Bu Oʻzbekistonning investitsion jozibadorligi tobora oshib borayotganligidan dalolatdir. Yana bir eʼtiborli jihat, mamlakat rahbari tomonidan viloyatga innovatsion, yuqori texnologiyalarga asoslangan, eksportga yoʻnaltirilgan va import oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlar uchun erkin iqtisodiy hudud maqomining berilishidir. Bu siyosat sarmoyador uchun ishlab chiqarishni xomashyo olinadigan hududda tashkil etishi bilan qulaylik yaratadi. Mazkur safar chogʻida eronlik investorlarning ham bir qator loyihalar boʻyicha Navoiy viloyatida ishlayotganligi nihoyatda quvonarli hol. Albatta, bu hamkorlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlaydi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?