Xorijlik ekspertlar “Oʻzbekiston tarixi” telekanali yaratilishida koʻmak beradi

16:20 26 Fevral 2019 Jamiyat
217 0

Germaniya mahalliy telekompaniyalar Assotsiatsiyasi prezidenti, ekspert Rene Falkner bilan “Oʻzbekiston tarixi” telekanali yaratilishi boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida “Oʻzbekiston tarixi” telekanali tashkil etilishini maʼlum qilgan edi. Shuningdek, davlatimiz rahbari mamlakat kelajagiga yoʻnaltirilgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda kuch-qudrat manbai – milliy gʻoyani rivojlantirish masalasiga eʼtibor qaratib, Oʻzbekistonning qadimiy va boy tarixini oʻrganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish zarurligini taʼkidlagan edi.

Germaniyalik mutaxassis “Oʻzbekiston tarixi” telekanali yaratilishi boʻyicha taklif va tavsiyalarini bildirib, telekanal faoliyati yoʻlga qoʻyilgunga qadar oʻzbekistonlik mutaxassislarga turli seminar-treninglar, davra suhbatlari tashkil etib, amaliy yordam berishini aytib oʻtdi.

Darhaqiqat, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi oʻsib kelayotgan yosh avlodni milliy oʻzlikni anglash ruhida tarbiyalash, ularda Vatanparvarlik tuygʻularini yanada kuchaytirish, yoshlarda mafkuraviy tahdidlarga qarshi maʼnaviy immunitetni shakllantirish borasida qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatmoqda.

Uchrashuvga hamohang tarzda Bugun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Konrad Adenauer nomidagi xalqaro xayriya jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda ushbu telekanal yaratilishi, funksiyasi, unda xalqaro tajribalarni qoʻllash boʻyicha yana bir tadbir tashkillashtirildi. 

Unda xorijlik mutaxassislar, muharrir va rejissyorlar, texnik xodimlar ishtirok etib, telekanalni ommalashtirish, xalqaro tajribalarni qoʻllash, mutaxassislarni keng jalb etish boʻyicha fikr almashildi.

Zebo Nurmonova, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Matbuot xizmati​


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?