Xorijlik ekspertlar: «O‘zbekiston faol va tashabbuskor tashqi siyosat yuritmoqda»

10:26 03 May 2018 Siyosat
2432 0
Foto: president.uz

Mamlakatimiz tomonidan tashqi siyosat borasida amalga oshirilayotgan jadal chora-tadbirlar Markaziy Osiyo va uning tashqarisida mutlaqo yangi geosiyosiy muhitni shakllantirmoqda. Taniqli ekspertlar bildirayotgan fikr-mulohazalardan ham buni anglash mumkin.

Xususan, Jahon siyosatini o‘rganish instituti (AQSh) mutaxassisi Nikolas Trikettning fikricha, so‘nggi vaqtda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning faol hamda tashabbuskor sub’ekti, mintaqa kelajagiga nisbatan uzoq muddatli yondashuvga ega davlat sifatida o‘zini namoyon qilmoqda.

“O‘zbek diplomatiyasi tashlayotgan jadal qadamlar qisqa muddatda muhim natijalarga erishishga imkon berib, ular nafaqat mamlakatning o‘zi, balki butun Markaziy Osiyo uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi”, deb hisoblaydi amerikalik tahlilchi. Qo‘shnilar bilan hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, rasmiy Toshkent yirik davlatlar bilan munosabatlarda ham salmoqli yutuqlarga erishayapti. Bularning barchasi respublika atrofida uning izchil ichki rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan maqbul tashqi siyosiy muhitni yaratayotir.

O‘z navbatida, Strategik madaniyat jamg‘armasi eksperti Andrey Uvarov shu yil Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahatlashuv uchrashuvi bo‘lib o‘tganini esga oldi.
Mutaxassis mazkur uchrashuv O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil qilinib, u mintaqa mamlakatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidlaydi. Mart oyining o‘zida Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi yirik xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

— Yaqinda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi, — deydi A. Uvarov. — Umuman, o‘zbek diplomatiyasining ta’siri Markaziy Osiyodan tashqariga ham “tarqalmoqda” va respublikaning xalqaro obro‘-e’tibori ortishiga xizmat qilayotir.

Tojikistonlik siyosatshunos Xursand Xurramovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan aloqalaridagi taraqqiyot, eng avvalo, ushbu mamlakatlar fuqarolari uchun muhim ahamiyatga egadir.
Zero, davlatlararo munosabatlar yaxshilanishining natijasi o‘laroq, chegaralar ochilmoqda, viza tartibi osonlashib, savdo-sotiq uchun to‘siqlar bartaraf etilayotir. Bu xalqlarimizga bir-birini ko‘proq borib ko‘rishga imkon berib, tovarlar va xizmatlarning o‘zaro harakati jadallashishiga xizmat qiladi.

Anvar MIRZAYEV
(«Xalq so‘zi»)
tayyorladi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?