Xorijda Oʻzbekiston bilan hamkorlikda birinchi institut tashkil etiladi

16:33 06 Dekabr 2018 Jamiyat
104 0

Foto: Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati

2019 yilda Minsk shahrida amaliy mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan Oʻzbek-belorus qoʻshma instituti ochiladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Belarus davlatiga ishchi tashrifi davomida bu borada shartnoma imzolandi.

Amaliy mutaxassisliklar instituti Belarus milliy texnika universiteti bazasida tashkil etilib, yangi institutda asosan iqtisodiyotning real sektorlarida talab yuqori boʻlgan malakali ishchi mutaxassislarni tayyorlashga alohida eʼtibor beriladi.

Qoʻshma institutga ikkala davlat fuqarolari kelgusi oʻquv yilidan boshlab talabalikka qabul qilish rejalashtirilgan. Institutda oʻquv jarayoni xalqaro standartlar asosida ikki davlat oʻquv rejalariga tayangan holda olib boriladi. Shuningdek, yangi institut bazasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan qoʻshma markaz ham tashkil etiladi.

Belarus milliy texnika universiteti qoshidagi “Politexnik” ilmiy-texnik parkida Inomjon Majidov beloruslik hamkasbi Igor Karpenko bilan uchrashdi. Muloqot davomida oʻzaro hamkorlik masalalari koʻrib chiqilib, uchrashuv yakunida ikki vazirlik oʻrtasida tuzilgan Bitimni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi.

Muzokaralarda Belarus tomoni bilan qurilish, avtoservis va jamoat ovqatlanishini tashkil etish kabi bugungi kunda jamiyatimizda talab yuqori boʻlgan sohalarda malakali kadrlar tayyorlash, koʻp tarmoqli resurs markazlarini yaratish borasida hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

Inomjon Majidov Belorus davlat informatika va radioelektronika universitetiga ham tashrif buyurib, bu yerda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar bilan uchrashdi. Vazir universitetda taʼlim olayotgan yoshlar bilan muloqot qilib,ularning oʻqishi va yashash sharoiti bilan tanishdi.

Bugungi kunda ushbu universitetda 80 nafar yurtimiz yoshlari tahsil olmoqda, ulardan 62 nafri 1 bosqichda oʻqiydi. Talaba-yoshlar vazir bilan muloqotda Toshkentda anʼanaviy tashkil etiladigan xalqaro taʼlim koʻrgazmalari xorijiy oliy taʼlim muassasalari haqida maʼlumot olish imkonini berayotganini eʼtirof etishdi.

Tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasining Akademik M. S. Vыsoskiy nomidagi Minsk davlat avtomexanika kolleji, Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti, kasbiy rivojlantirish innovatsiya markazi – informatika va radioelektronika biznes-inkubatori, M. Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universiteti hamda Talabalar shaharchasiga borishi rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?