Xorijda ishga joylashtirish faoliyatini litsenziyalash tartibi tasdiqlandi

18:12 14 Sentyabr 2018 Jamiyat
149 0

Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish va tubdan qayta koʻrib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qaror bilan Oʻzbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Mazkur faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziya talablari va shartlari nizomda belgilangan. Unga koʻra, shtatda oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan kamida bir nafar mutaxassis, shuningdek, mehnat migrantlarini yuborish nazarda tutilayotgan mamlakatlar tillarini yaxshi biladigan xodimning boʻlishi litsenziya talablaridan hisoblanadi.

Litsenziya olish uchun ariza beruvchi tegishli hujjatlarni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga bevosita yoki elektron shaklda taqdim etadi.

Hujjatlar ishchi organ – Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan oʻn ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.

Litsenziya berilganligi uchun eng kam ish haqining uch baravari miqdorida yigʻim undiriladi.

Litsenziya cheklanmagan muddatga beriladi.

Shuningdek, qarorga muvofiq Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi tashkil etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?