Xorij OAV: O‘zbekistonning yadro energetikasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlari mutlaqo to‘g‘ri va nihoyatda oqilona qarordir

10:00 26 Iyul 2018 Jamiyat
248 0
Illyustrativ foto

Olimlarning fikricha, atom energiyasi hajmi, uzoq muddatga yetishi va samaradorligiga ko‘ra bugun dunyoda mavjud barcha energiya manbalaridan ustun turadi.

O‘zbekistonning yaqin kelajakda ushbu energiyadan foydalanadigan davlatlar safiga kirishi to‘g‘risidagi xabar qisqa muddatda xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi.

Xususan, Hindistonning “The Economic Times” gazetasida chop etilgan maqolada 32 milliondan ortiq aholiga ega respublikamizning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji, asosan, gaz va ko‘mir hisobiga hamda gidroelektrostansiyalar orqali qondirilayotgani aytiladi. “Aholi sonining tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgani, gaz va ko‘mir resurslarining cheklanganini nazarda tutgan holda O‘zbekistonning yadro energetikasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlari mutlaqo to‘g‘ri va nihoyatda oqilona qarordir”, deb yoziladi nashrda.

Ushbu mavzu yuzasidan fikr yuritilar ekan, Singapurning “The Strait Times” gazetasida so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston yuritayotgan ochiqlik siyosati tufayli mamlakatga ko‘plab xorijiy sarmoyadorlar kirib kelayotgani va yangidan-yangi ishlab chiqarish korxonalari qurilayotgani natijasida energiyaga ehtiyoj keskin ortgani qayd etiladi.

Respublikaning salmoqli uran zaxiralariga egaligi atom sohasini taraqqiy toptirish uchun katta imkoniyat yaratadi: “Dunyoning qator davlatlari atom elektr stansiyalari uchun xom ashyoni chetdan import qilishga majbur bo‘lib, bu mahsulot tannarxiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston esa tabiiy resurslari, jug‘rofiyasi va iqlimi jihatidan qulay shart-sharoitlarga ega. Natijada ishlab chiqarilgan energiyani nafaqat aholiga arzon narxda yetkazib berish, balki istiqbolda eksport qilish ham mumkin”.

Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi tarqatgan maqolada keyingi vaqtda chet el kompaniyalari O‘zbekistonning yadro energiyasi sohasidagi imkoniyatlariga katta qiziqish bildirayotgani ta’kidlanadi.

Jumladan, o‘tgan yili Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi delegatsiyasi respublikaga tashrif buyurgani eslatib o‘tiladi. Tomonlar tinchlik maqsadlarida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi hamkorlik yuzasidan bitim imzolagan edi. Hujjat mazkur sohada aniq yo‘naltirilgan loyihalar va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga qaratilgan. “Anadolu” jurnalistlari O‘zbekiston radioizotoplarni ishlab chiqarish va ularni sanoat, tibbiyot hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘llash borasida salmoqli salohiyatga egaligini alohida ta’kidlaydi.

“O‘zbekistondaAtom energetikasini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi”. Rossiyaning “Eurasia Daily” axborot-tahliliy portalida joylashtirilgan sharh shunday nomlangan. Maqolada aytilishicha, yangi tuzilma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat yuritadi. Agentlik atom energetikasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organi sanaladi.

“Interfaks” axborot agentligi (Rossiya) muxbiri esa atom energetikasi sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hukumatimizning rejalari haqida fikr yuritgan. Xususan, joriy yilning oxirigacha Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetiga yangi kvotalar ajratilishi bildirilgan. Mazkur yo‘nalishda ta’lim oladigan talabalar uchun atom energetikasining aniq mutaxassisliklari yuzasidan xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qishi va amaliyot o‘tashi uchun sharoitlar yaratilishi xususida so‘z yuritilgan.

Belarusning markaziy “Belarus telegraf agentligi” (“BЕLTA”) O‘zbekiston Xalqaro atom energiyasi agentligi, Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa hamjamiyati va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik va o‘zaro aloqalarni kengaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar qiladi. Ushbu hamkorlik atom energetikasi sohasiga xorijiy investitsiyalarni va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga ko‘maklashadi, deb yozadi belaruslik jurnalistlar.

Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi sharhlovchilarining fikricha, O‘zbekistonning yadro energetikasi bozoriga kirib borishi bu yerdagi “kuchlar muvozanati”ni o‘zgartirib yuborishi mumkin. “Ko‘p sonli aholi, katta miqdordagi tabiiy resurslar va salmoqli infratuzilmaviy imkoniyatlarga ega respublika jahon atom energetikasi bozorida muhim subyektga aylanishi kutilmoqda”.

Anvar MIRZAYEV
(“Xalq so‘zi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?