Xorij ijodiy guruhlariga dronlarni O‘zbekistonga vaqtincha olib kirish uchun ruxsat berildi

10:41 31 May 2018 Jamiyat
1410 0
Foto: geeksus.ru

Mamlakatimiz madaniy-tarixiy merosi va tabiat boyliklarini keng targ‘ib qilish, ilgari surish maqsadida xorijiy ijodiy guruhlarga respublika turizm salohiyati haqida foto va videomaterillar tayyorlashlari uchun uchuvchisiz uchish qurilmalari, jumladan, dronlarni vaqtinchalik olib kirishga ruxsat berilmoqda. Bu haqida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu maqsadda, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 29 maydagi qarori bilan 2014 yil 26 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘ida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan sanksiyasiz foydalanishda ogohlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Yangi tartibga ko‘ra, uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanishni istovchi chet ellik ijodiy guruhlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekkino” Milliy agentligiga shu kabi qurilmalarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirishga ruxsat berilishini so‘rab murojaat qilishi kerak. Bunda ijodiy guruh va suratga olinadigan joy haqida ma’lumotlarni ko‘rsatib o‘tish zarur bo‘ladi.

Yuqoridagi tashkilotlardan biri bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va parvozlar xavfsizligini nazorat qilish Davlat inspeksiyasini xabardor qiladi. So‘ngra ijodiy guruhga olingan ruxsatnomani beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?