Xorij brendlari tomonidan toʻqimachilik mahsulotlariga nisbatan boykot qoʻyish asossiz va nooʻrindir

09:08 24 Fevral 2020 Iqtisodiyot
116 0

Oʻzbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ishtirokida Toshkent xalqaro investitsion forumiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu tadbirda vazir Oʻzbekistonning sarmoyaviy iqlimini har tomonlama yaxshilash doirasida Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi vakillari bilan hamkorlik qanday rivojlanayotgani haqidagi savolga ham javob qaytardi.

Eslatib oʻtamiz, mazkur koalitsiya faollari oxirgi marta yurtimizga shu yil fevral oyida tashrif buyurishgan edi. Ular safar doirasida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan ham uchrashishdi. Unda mamlakat rahbari tomonidan majburiy mehnatni yoʻq qilish boʻyicha erishilgan muvaffaqiyatlar, shuningdek, ushbu sohada xalqaro nohukumat va huquqni himoya qilish tashkilotlari bilan hamkorlik qilish yoʻllari muhokama etildi.
 

Matbuot anjumanida S.Umurzoqov mazkur muloqotlar yakuniga izoh berar ekan, Cotton Campaign koalitsiyasi bilan ishonchli munosabatlarni qurishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.

— Fevral uchrashuvida men bugungi kunda xorij brendlari tomonidan toʻqimachilik mahsulotlariga nisbatan boykot qoʻyish asossiz, nooʻrin ekanligi, eng asosiysi, bu respublikada xususiy biznesni rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotganini tushuntirishga harakat qildim, — dedi vazir. — Hozirga paytda davlat toʻqimachilik tarmogʻida ishtirok etmayapti. Yaʼni butun tarmoq mulkdorlarga tegishlidir.

U Oʻzbekistonda tizimli yoki doimiy majburiy mehnat qayd etilmaganini tasdiqladi.

— Respublika majburiy mehnatga qarshi kurashishda inqilobiy qadamlar tashlamoqda, — dedi u. — Xususan, mehnatkashlarning ish haqlari va majburiy mehnatni qoʻllaganlik uchun jarimalar hajmlari oshirilyapti, klaster tizimi joriy etilmoqda, majburiy mehnatga nisbatan jazo choralari kuchaytirilmoqda.

Yakunda u koalitsiya vakillari bilan yaqindan hamkorlik sharofati bilan ushbu tashkilotni mamlakatimiz hamkori sifatida eʼtirof etish mumkinligini qoʻshimcha qildi.

Cotton Campaign 2019-yilga paxta yigʻim-terimi boʻyicha tegishli qarorini shu yil bahor oyida chop etishi kutilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?