Xoreografiya oliy maktabi yangi oʻquv yilini zamonaviy binoda boshlaydi

01:05 31 Avgust 2019 Siyosat
132 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi binosini borib koʻrdi.

Mazkur dargoh ixtisoslashgan maktab-internat, xoreografiya kolleji, bakalavriat va magistratura yoʻnalishlarini qamrab olgan boʻlib, xoreografiya boʻyicha uzluksiz saboq beradi. Lekin muassasa uzoq yillar eski binoda faoliyat yuritib keldi.

Prezidentimizning 2017-yil 3-avgust kuni ijodkorlar bilan uchrashuvidagi tashabbuslari madaniyat va sanʼat sohalarining yanada rivojlanishi uchun zamin yaratdi. Xususan, Oliy maktab uchun alohida korpus ajratilib, zamonaviy taʼmirlandi. 15 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflanib, 400 talabaga moʻljallangan yangi oʻquv va mashgʻulot xonalari, 300 oʻrinli talabalar turar joyida barcha sharoit yaratildi.

Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi sharoit, muhit va yutuqlarni mamlakatimizning boshqa joylarida ham tatbiq etish, hududiy maktablar tashkil etib, ularni Oliy maktabga biriktirish, ustoz-shogird anʼanasini mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbari bilim yurtining oʻqituvchi va murabbiylari bilan suhbatlashdi. Milliy sanʼatimizga eʼtibor, bu sohada yangi taʼlim maskanlari qurish va ustozlar mehnatini ragʻbatlantirish ishlarini izchil davom ettirish lozimligi qayd etildi. “Bahor” raqs ansamblining qayta tiklanishi soha vakillariga katta quvonch bagʻishladi.

 

Oliy maktab ijodkorlari uchun dam olish maskani tashkil etish va avtobus ajratish boʻyicha topshiriq berildi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?