Xorazmlik tadbirkorlar 4 ta avtobus va 7 ta mikroavtobus sotib olishdi

13:59 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
69 0

Yoʻlovchi tashish faoliyatini yanada yaxshilash va aholiga sifatli avtotransport xizmatlari koʻrsatishni kengaytirish borasida Xorazm viloyatida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xorazm viloyati transport boshqarmasi tomonidan mazkur sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar oʻrtasida muntazam ravishda oʻtkazilayotgan tushuntirish va targʻibot ishlari samarasi oʻlaroq viloyatdagi avtokorxonalar tomonidan avtotransport parkini yangilash borasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa oʻz navbatida ular tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatining oshishiga, yangi ishchi oʻrinlarining yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Xususan, Yangiariq tumani aholisiga yoʻlovchi tashish xizmatlarini taklif etayotgan “Yangiariq trans servis“ MCHJ “Ipotekabank” Xorazm viloyat filialidan 3 yil muddatga, yiliga 24 foiz toʻlov asosida 1 mlrd.168 mln. soʻm pul krediti hisobidan, Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan “FOTON CS2” rusumli 7 ta mikroavtobus olib keldi. Bu haqda transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

– Mikroavtobuslarning 4 tasini “Yangiariq-Urganch“ yoʻnalishiga, 3 tasida esa turizm yoʻnalishi boʻyicha Xiva shahri aholisi va xorijlik mehmonlarga xizmat koʻrsatishini rejalashtirayapmiz, – deydi “Yangiariq trans servis“ MCHJ rahbari Jumamurod Qutliyev.

Maʼlum boʻlishicha olib kelingan mikroavtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilishi bilan korxonada qoʻshimcha ravishda 10 ta ishchi oʻrni ochilib, mikroavtobuslar tomonidan kuniga 1500-2000 nafar yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatilmoqda.

“Xoʻjabobojon“ MCHJ tomonidan esa Xalq banki Gurlan tumani filialidan 3 yil muddatga 1 mlrd. 400 mln.soʻm miqdorida kredit olinib, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan ISUZU rusumli 4 ta avtobus sotib olindi. Xarid qilingan avtobuslar “Gurlan-Urganch” yoʻnalishiga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?